Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:54

Rossiya zarbasi Poltavada 40 dan ziyod kishi umriga zomin bo‘ldi


Poltavaga berilgan zarba oqibatlari, 2024-yil 3-sentyabri
Poltavaga berilgan zarba oqibatlari, 2024-yil 3-sentyabri

Rossiya armiyasi tomonidan Poltavaga berilgan zarba oqibatida 40 dan ziyod kishi halok bo‘lgan, 200 chog‘li odam yaralangan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning bayonotida aytilgan. Zelenskiyga ko‘ra, zarba ortidan Poltavadagi Aloqa instituti binolaridan biriga qisman shikast yetgan.

Poltava viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Filipp Pronin qaydicha, hujum va uning oqibatlari tufayli mintaqada uch kunlik motam e’lon qilindi. Mulozimga ko‘ra, shahar ahli jabrlanganlar uchun qon topshirmoqda.

“Poltavshchina va butun mamlakat uchun katta fojia”, deb yozgan Pronin ijtimoiy tarmoqlarda.

Ukraina Mudofaa vazirligi zarba ikkita ballistik raketa bilan berilganini ma’lum qildi.

Bi-bi-sining ukrain xizmati zarba hadafi hozirda tarqatilgan Poltava oliy harbiy aloqa o‘quv yurti hududida joylashgan aloqa qo‘shinlari o‘quv markazi bo‘lganini qayd etgan.

Rossiyalik harbiy blogerlar zarba harbiylar saf tortgan paytda berilgani, buning natijasida kamida 50 kishi halok bo‘lganini iddao qilishmoqda.

Zarba harbiylarga qaratilganini Ukraina Oliy radasi deputati Maryana Bezuglaya bilvosita tasdiqlagan.

“128-brigadaning saf tortishi bizga saboq bo‘lmadi”, deb yozgan deputat ayol Feysbukdagi o‘z sahifasida. O‘tgan yilning 5-noyabrida Ukraina Qurolli kuchlarining 128-Zakarpatye brigadasi Zaporojye viloyatida Rossiya raketasi zarbasiga nishon bo‘lgan edi. O‘shanda 20 chog‘li odam o‘lgan, 50 dan ziyod kishi yaralangan.

Ukraina Mudofaa vazirligi iddaosicha, trevoga bilan raketaning yerga urilishi oralig‘i shu qadar qisqa bo‘lganki, odamlar bombapanohga chopib ketayotgan paytlarida zarbaga nishon bo‘lishgan.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi raketa tushgan joy yaqinida turarjoy mavzei borligiga e’tibor qaratgan. Zarba to‘lqini ko‘p qavatli uylar oynaklarini parchalagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Poltavaga hujum yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q. Moskva Ukrainaning fuqaroviy infratuzilmasi va tinch aholiga qasdan zarbalar berilayotganini inkor qilib keladi.

XS
SM
MD
LG