Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 03:09

Rossiyada FSB agenti bilan uchrashmoqchi bo‘lgan Lyubov Sobolga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Politsiyaning Korruptsiyaga qarshi kurash fondiga reydi chog‘ida Lyubov Sobol jonli chiqish qilmoqda - 26 - dekabr, 2019.

Rossiyada Kremlning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (Fond borbi s korrupsiey – FBK) advokati Lyubov Sobolga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda 25 - dekabr kuni fond rahbari Ivan Jdanov ma’lum qildi.

Jdanovning so‘zlariga ko‘ra, Sobol «zo‘ravonlik bilan yoki zo‘ravonlik tahdidi bilan» birovning uyiga kirishga urinishda ayblanmoqda. Sobol Navalniy zaharlanishida Federal xavfsizlik xizmati (FSB) qo‘li borligini aytgan agentning uyiga borib, uning eshigi qo‘ng‘irog‘ini chalgan.

25 - dekabr kuni Sobolning advokati Vladimir Voronin AFP agentligiga bergan intervyusida Sobolga rasman ayblov qo‘yilishi kutilayotganini aytdi.

Rossiya rasmiylari bu holatni hali izohlagani yo‘q.

25 - dekabr kuni politsiya Sobolning kvartirasiga bostirib kirib, uning kompyuterlari va telefonlarini olib ketgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Twitterda «Lyubov Sobol Tergov qo‘mitasiga so‘roq qilinish uchun olib ketildi. Kvartirasini tintuv qilishmoqda», deb yozdi.

Sobol o‘z kvartirasi ichidan olingan videoni Twitterda ulashganidan keyin ko‘p o‘tmay tarmoqdan g‘oyib bo‘ldi. Videoda birov eshikni ochishni talab qilib uni taqillatar ekan, Sobolning yetti yashar qizi yig‘layotganini eshitish mumkin.

«Ular eshikni taqillatib, politsiya kelganini aytishyapti. Aftidan, tintuv mening uyimda bo‘ladi. Avval hech qachon uyimni tintuv qilishmagan edi. Hamma narsa qachondir birinchi marta sodir bo‘ladi. Aftidan, men yaqinda Navalniyni zaharlagan Kudryavsev oldiga borganim uchun», -deydi Sobol videoda.

Navalniy jamoasi tomonidan tarqatilgan boshqa videoda Sobolning Moskvadagi turar-joy binosi ichida qora kiyimdagi niqobli odamlarni ko‘rish mumkin.

Sobol Konstantin Kudryavsev bilan 21 - dekabr kuni kechqurun uchrashishga uringan jurnalistlar va siyosiy faollar orasida bo‘lgan. O‘sha kuni Navalniy Kudryavsev bilan uning zaharlanishida FSB roli borligi haqida qilgan suhbati audioyozuvni e’lon qilgan edi.

Sobolning advokati tergov ishi Kudryavsevning qaynonasi shikoyat qilganidan so‘ng ochilganini aytdi.

Navalniy Rossiya hukumatining «isterik reaksiyasi» ular aybdorligini tasdiqlashini ta’kidladi.

25 - dekabr kuni muxolifatchi Twitterda «Siz qotilning eshigi qo‘ng‘irog‘ini chalsangiz, ular sizning eshigingizni buzib kirib, sizni so‘roq qilish uchun olib ketishadi», - deb yozdi.

Yevropaning uchta alohida davlatida o‘tkazilgan laboratoriya sinovlari Navalьniy sovet davrida yaratilgan «Novichok» asabni falajlovchi moddasi bilan zaharlanganini ko‘rsatdi. Bu xulosani kimyoviy qurollarni nazorat qiluvchi global tashkilot ham tasdiqladi.

Rossiya Navalniy zaharlanishi bo‘yicha tergov ochishdan bosh tortib keladi. Kreml muxolifatchining zaharlanishida hukumat agentlari qo‘li borligini rad etmoqda.

Navalniy ayni paytda Germaniyada bo‘lib, sog‘lig‘ini tiklamoqda. U vataniga qaytishni rejalayotganini aytgan.

Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Navalniy zaharlanishi uchun javobgar deb ko‘rilgan olti nafar rossiyalik mansabdor shaxsga, shuningdek, «Novichok» nomi bilan tanilgan harbiy zaharlarni ishlab chiqargan dasturga aloqador tashkilotga qarshi sanksiya joriy qilgan.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG