Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:21

Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga fuqarolik berishga moratoriy kiritish chaqiriqlari yangramoqda


Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Mironov
Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Mironov

Rossiya Davlat dumasidagi “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” (“Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu”) fraksiyasi lideri Sergey Mironov Markaziy Osiyo mintaqasidan bo‘lgan kishilarga Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi berishga vaqtincha moratoriy joriy etish taklifi bilan chiqdi.

Bunday taklif bilan “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi 2022-yildayoq chiqqan, o‘shanda biz migratsiya sohasida tartib o‘rnatilishi uchun fe’lan yakka o‘zimiz kurashayotgan edik. Keskinlashgan migratsiya muammolari qonun chiqaruvchilar diqqat markazida bo‘lib turgan bugungi kunda bu masalani ko‘rib chiqishga qaytishimiz lozim”, deb yozgan Sergey Mironov o‘z telegram-kanalida.

Deputat o‘z postida “Janubdan kelgan mehmonlarga yuz minglab pasport tarqatish nimaga kerak? Etnik anklavlarni urchitish nega kerak? Byudjetning ijtimoiy ta’minot uchun ajratilgan milliardlab mablag‘ini bu yangi fuqarolarga sarflash nima uchun lozim? Bundan Rossiyaga foyda nima?” degan savollarni o‘rtaga tashlagan.

Mironov iddaosicha, gastarbayterlarni yoppasiga pasport bilan ta’minlashdan faqatgina korrupsiyaga chalingan amaldorlar va migrantlar mashru’lashuvidan mo‘may daromad topayotgan tovlamachilardan iborat mafiya foyda ko‘radi.

“Davlat bu mafiyaga qarshi kurashishi va milliy xavfsizlik sohasida o‘z manfaatlarini himoya qilishi zarur. Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari turg‘unlariga RF fuqaroligini berishga moratoriy kiritish yo‘li bilan. Hech bo‘lmaganda 2026-yilgacha. Bu vaqt ichida esa qonunchilikni tartibga solish, migratsiya xizmatini poraxo‘rlardan tozalab, uni isloh qilish hamda avval berilgan pasportlarning qonuniyligini tekshirish mumkin bo‘ladi”, deb hisoblaydi Sergey Mironov.

Rossiyada migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar “Krokus Siti Xoll”dagi terakt ortidan kuchayib ketgan. Rossiyalik rasmiylar mazkur terror xurujining amalga oshirilishida bir necha tojikistonlikni gumonlashmoqda.

Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.

Rossiyada migrantlarga qarshi kayfiyat kuchayishi manzarasida o‘zbekistonliklar doxil Markaziy Osiyodan bo‘lgan muhojirlar mamlakat hududiga kirishda uzoq muddatli tekshiruvlardan o‘tayotgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG