Rossiyada pasport olgan kamida 12 kishi harbiy komissariatga kelmagan va u yerda qayddan o‘tmagani uchun fuqarolikdan mahrum etildi, deya xabar qildi “Vajniye istorii” nashri. Fuqarolikdan mahrum qilingan bu odamlar zimmasiga mamlakat hududini tark etish majburiyati yuklangan.
Joriy yil yozida Davlat dumasi “Yedinaya Rossiya” partiyasi tomonidan ilgari surilgan va voyenkomatda qayddan o‘tmaganlik uchun olingan fuqarolikdan mahrum etish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini qabul qilgan edi. Mazkur qonunga muvofiq, yangi fuqarolar pasport olganlaridan keyin ikki hafta ichida harbiy qayddan o‘tishlari shart.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga ko‘ra, mazkur qonun qabul qilinganidan keyin Rossiyaning 10 mingdan ziyod yangi fuqarosi Ukraina urushiga yo‘llangan. Shuningdek, Bastrikin qaydicha, o‘tkazilgan reydlar chog‘ida harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan 30 ming migrant aniqlangan.
“Vajniye istorii” nashrining yozishicha, qonun qabul qilinganidan keyin sudlar harbiy komissariatda qaydda o‘tmaganlik uchun Xabarovsk o‘lkasi, Chelyabinsk viloyati va Moskvada sudlar to‘qqiz kishini fuqarolikdan mahrum etishgan. Shuningdek, 2018-yilda fuqarolik olgan bo‘lishiga qaramay, armiya xizmatidan bo‘yin tovlagani uchun Krasnoyarskdan bo‘lgan vrach-reanimatolog Mirzomuhammad Karimov fuqarolikdan mahrum bo‘lgan.
“Vajniye istorii” Rossiya fuqaroligidan mahrum etish holatlari qonun qabul qilinguniga qadar ham kuzatilganini qayd etgan. Masalan, 2023-yil dekabrida Chelyabinskdagi sud fuqarolik olishda RF qonunlariga rioya qilish haqida zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmagani uchun ikki kishini fuqarolikdan mahrum qilgan.
2023-yil oktyabrida qabul qilingan qonunga muvofiq, Rossiyada armiyani obro‘sizlantirganlik yoki feyk tarqatganlik, diversiya, dezertirlik, aksilrossiya sanksiyalariga chaqirganlik, davlatga xiyonat, “xorijiy agentlar”ga oid qonunni buzganlik va istalmagan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etganlik uchun sud hukmlari asosida ham fuqarolikdan mahrum qilishlari mumkin. Shu bilan birga, banditizm, jinsiy daxlsizlikka oid qonunlarni buzganlik, qimmatbaho qog‘ozlarni soxtalashtirganlik, jinoiy hamjamiyat tuzganlik va boshqa jinoyatlar uchun ham fuqarolikdan mahrum bo‘lish mumkin.
Moskva viloyatida joylashgan “Krokus Siti Xoll” savdo markazidagi teraktdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar kuchaygan. Rossiyalik tergovchilar taxminlariga ko‘ra, mazkur terror xuruji Tojikiston fuqarolari tomonidan sodir etilgan. Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlagan. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.