O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya hududida huquqbuzarlik sodir etib, vataniga qaytgan o‘zbekistonliklarga Qozog‘istonga bormaslikni tavsiya qilmoqda.
Agentlik Qozog‘iston va Rossiya hukumatlarining ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni tan olish va ijro etishga oid ikki tomonlama kelishuvlari asosida Qozog‘iston chegara va ichki ishlar tizimida yangi tizim joriy etilganini eslatib, buning natijasida so‘nggi vaqtlarda Rossiya hududida huquqbuzarlik sodir etgan O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tish vaqtida hibsga olinish holatlari kuzatilayotganini qayd etgan.
“Hibsga olingan shaxslar Rossiya tomoni mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilguniga qadar jazoni ijro etish muassasalarida saqlanmoqda”, deya ogohlantirgan agentlik Rossiyada qonunbuzarlik sodir etgan o‘zbekistonlik migrantlarga Qozog‘istonga bormay turishni maslahat bergan.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham o‘zbekistonliklarga Qozog‘istonga kirish va chiqishda barcha zarur hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishni tavsiya qilgan edi.
“O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘istonga, balki Rossiya Federatsiyasiga ham kirishda hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish lozim, chunki Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq Qozog‘istonning vakolatli organlari Rossiya Federatsiyasining migratsiya va boshqa qonun hujjatlarining buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadilar”, deyilgandi TIV murojaatida.
Agar Rossiya Federatsiyasida bo‘lish davrida qayd etilgan qoidabuzarlik yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, vazirlik qaydicha, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston fuqarosining Qozog‘istonga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.