Линклар

Шошилинч хабар
27 май 2022, Тошкент вақти: 10:34

Rossiyaga qarshi sanksiyalar O‘zbekistonni yangi savdo hamkorlarini izlashga undamoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent aeroportida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni qarshilamoqda. 29-mart, 2022.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy etilgan moliyaviy sanksiyalar sabab O‘zbekiston iqtisodi ham jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin. Bu haqda ikki hafta davomida Toshkentda bo‘lgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining 13-aprel kuni e’lon qilingan yakuniy xulosasida so‘z boradi.

Unda aytilishicha, o‘sish ko‘rsatkichining pasayishi, savdo balansi defitsiti va inflyatsiya yuqorilashi manzarasida O‘zbekiston mamlakat iqtisodiyoti yangi noaniqliklarga yuz tutgan.

XVJ ekspertlari inflyatsiyaga qarshi kurash, iqtisod tiklanishni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini yaratish kabi jabhalarda ijobiy ko‘rsatkichlarni saqlab qolish oson bo‘lmasligidan ogohlantiradi.

Missiya xulosasida Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri ekaniga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-fevral oylari yakuni bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1 mlrd 252 mln dollarni tashkil etgan. Bu borada Rossiya Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Ammo tahlilchilar bu urushga qadar ko‘rsatkich ekanini ta’kidlab, mart oyidan savdo ko‘rsatkichi sezilarli darajada pasayishini istisno etmayotir.

XVJ xulosasida ham sanksiyalar va harbiy harakatlar sabab Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalar susayishiga ishora qilingan. Xalqaro tuzilma missiyasi O‘zbekiston hukumatiga yaqin kelajakda urush oqibatlarini yumshatish uchun keng ko‘lamli chora-tadbirlar, jumladan, yangi savdo yo‘llarini izlashni ham tavsiya etgan.

Ukrainadagi urush manzarasida Rossiyaning eksport yo‘laklariga qaram O‘zbekiston muqobil savdo yo‘llariga ega bo‘lish harakatlarini kuchaytirdi. Tashqi savdo va inqestitsiyalar vazirligiga ko‘ra, mamlakat eksport jug‘rofiyasi so‘nggi paytlarda Avstraliya, Argentina, Dominikan Respublikasi, Surinam kabi olis mamlakatlar hisobiga kengaydi.

Shuningdek, Hindiston va Pokiston portlaridan O‘zbekistonga ilk kargo yuklari yetkazildi. Toshkent xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Trans-afg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishga umid qilmoqda.

O‘tgan yilning muayyan choraklarida Turkiya Rossiyani ortda qoldirib, O‘zbekistonning eksport bo‘yicha hamkorlari orasida ikkinchi, yangi ochilgan qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha birinchi o‘ringa ko‘tarilgandi. Ukraina urushi ortidan yuzaga kelgan buhron asosiy savdo hamkorlar ro‘yxatiga yana jiddiy tahrirlar kiritsa ajab emas.

O‘zbekiston o‘tgan yili Polsha, Latviya, Litva, Germaniya kabi Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy robitalarni kuchaytirish rejasini ochiqlagan edi. Ammo endilikda bu rejalar ro‘yobi ham savol ostida qolmoqda. Gap shundaki, O‘zbekiston yuklari Yevropaga asosan Ukraina va Belarus hududlari bo‘ylab, avtomobil transporti orqali etkaziladi. Shu kunlarda Boltiqbo‘yidan Yevropaga olib boruvchi avtoyo‘llarda ham uzun navbatlar kuzatilayotgani aytilmoqda.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov import-eksportni jonlantirish uchun Kaspiy dengizi portlari, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa hududlariga chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi. Ayni paytda, ko‘hna qit’a bandargohlari bilan Pokiston va Eron dengiz portlari orqali bog‘lanish mumkin. Lekin har ikki yo‘nalishda ham risklar saqlanib qolmoqda.

“Birinchi yo‘nalishda Oqtov–Boku paromi eng ko‘p vaqt oluvchi omil bo‘lib, u yerda ham juda katta tirbandlik kuzatilyapti. Ikkinchi yo‘nalishda esa avtomobil yo‘llari Afg‘oniston hududini kesib o‘tishi kerak (chunki Turkmaniston orqali yo‘l yopiq). Ko‘pchilik sanksiyalardan qo‘rqib Eron hududiga kirishni xohlamaydi. Xullas, bu sohada ma’lum muammolar bor va ularni hal qilish yana eksport-import bilan shug‘ullanuvchi davlat strukturalari faoliyatiga bog‘liq”, – deb xulosa qiladi A.Abduqodirov o‘zining Telegram-kanalidagi sharhida.

XS
SM
MD
LG