Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:19

Rostovda o‘zbek qizlari qullikdan ozod qilindi


Qullikda saqlangan o‘zbek qizlari kuniga 15 soatga qadar pomidor daladasida ishlatilgan.
Qullikda saqlangan o‘zbek qizlari kuniga 15 soatga qadar pomidor daladasida ishlatilgan.
O‘tgan juma kuni Rossiyaning Rostov viloyatida 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi qullikdan ozod qilindi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Rostov viloyatining Azovsk tumanidagi pomidor yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklardan birida 1 iyul kuni Rostov viloyati Migratsiya xizmati, Ichki ishlar bo‘limi va prokuratura xodimlari hamkorlikda operatsiya o‘tkazgan. Natijada mahalliy fermer tomonidan majburan ushlab turilgan 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi ozod qilingan.

Rostov viloyati Federal migratsiya xizmati xodimi Anna Troilinaning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ o‘zbek muhojirlarining Rossiyada noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.

- Ular daladagi vagonchalarda yashagan. Rossiya fuqarosi ularni yashash joyi va oziq-ovqat bilan ta‘minlagan. Rossiya Federatsiyasidagi qonuniy yashash muddati tugaganiga qaramasdan, ish beruvchining ular hujjatlarini bermasdan majburan ushlab turgani aniqlandi. Ozod qilingan barcha xorijlik fuqarolar “Don” deportatsiya qilinayotgan shaxslar markaziga joylashtirildi. Ular o‘z yurtlariga deportatsiya qilinishi va mahalliy qonunchilikni buzganligi uchun muayyan vaqt Rossiyaga kiritilmasligi mumkin, deydi Anna Troilina.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ozod qilishda bevosita ishtirok etgan “Aziz” o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Qiyomxon Boboyev voqea tafsilotlarini Ozodlik muxbiriga gapirib berdi.

- 8 oy oldin toshkentlik bir koreys yigit ularni bu yerga koreyslar kolxoziga olib kelib sotib ketgan. Keyin ularni 8 oy hech qayerga chiqarmay kuniga 15 soatdan ishlatgan. O‘tgan haftaning chorshanba kuni ulardan bittasi qochib chiqib prokuraturaga kelib ariza yozgan, shunday-shunday deb. Keyin biz UFMS bollari bilan chiqib ularni ozod qildik.

Ozodlik: 18 kishi qarshilik ko‘rsatmabdimi?

- Men ulardan so‘radim. “E, qanaqa qilib qarshilik ko‘rsatamiz, militsiya va boshqa xodimlar ham kelib o‘tirib ketardi. Pod dubinka yashardik – shag vlevo, shag vpravo – o‘lim”, deydi. Yosh qizchalar, 18ga endi kirgan qizlar, 50 dan oshgan bir-ikkita ayol, 50 dan oshgan 3-4 erkak... Qurib cho‘p bo‘lib qolgan! Kimga qarshilik ko‘rsatadi?! Uning 7-8 ta bolalari dubinka bilan urib ishlatgan, deydi Rostov-Dondagi o‘zbeklar jamiyati raisi.

Qiyomxon Boboyevga ko‘ra¸ ozod etilganlar Toshkentning Yunusobod tumanidan. “8 oylik qullik ular sog‘lig‘iga juda yomon ta‘sir qilgan”, deya davom etadi o‘zbeklar jamiyati boshlig‘i Qiyomxon Boboyev.

- Migratsiya xizmati bolalari ham ularning qanaqangi dahshatli holatda kun kechirayotganini ko‘rganing-da edi¸ deyishmoqda. Videomateriallari bor. Ular hozir reabilitatsiya markazida. Ularga yaxshilab qarashyapti, men shaxsan borib ko‘rdim – sharoitlari juda yaxshi. Koreys bolalardan bittasi qo‘lga olindi. Unga nisbatan 3ta modda yuzasidan ish ochish ko‘rilyapti.

Qolganlarini ham ushlash uchun ish olib borilyapti. Oblast gubernatori, ma‘muriyati bundan xabardor. Qizig‘i, o‘zimizning o‘zbekistonlik koreyslar sotib ketayapti hozir. U bolani adres-uy joyini bilar ekan bular. Men O‘zbekistonga borganingizdan keyin ariza yozib uni ham javobgarlikka torting, dedim. Bizlar bu yerdan O‘zbekistonga tasdiqlab beramiz, deydi Qiyomxon Boboyev.

Boboyev bu kabi voqealar o‘tgan yili ham 3-4 marotaba kuzatilgani va yildan-yilga soni oshib borayotganini aytadi.

- Hozirgi kunda faqat koreyslar bilan bog‘liq bu kabi ishlar 3-4 marotaba bo‘lyapti. O‘zimizning o‘zbeklar olib kelib sotib ketyatuvdi, ularning ustidan yozavyerganidan keyin o‘zbeklar tashladi bu ishni. Biladiki¸ O‘zbekistonda baribir jinoiy ish ochiladi bunaqa ish uchun... Koreyslar o‘zlarining u yoqdagi tanishlariga telefon qilib “Menga shuncha odam olib kelib beraolasanmi?”, deydi. Ular ishga odam yig‘ib kelyapti. Har bir olib kelgan odam boshiga pul to‘layapti. Odamlarni olib kelib pulini olib uchib ketyapti. O‘nta koreys bularni o‘rab olib ishlatyapti. Hujjatlari olingan. Aytyapmanku, bittasining jag‘i sindirib tashlangan. Medekspertiza tasdiqladi, yana bittasi 8 oylik qullik davomida ochiq formadagi tuberkuzyoz bo‘libdi, deydi jabrlanganlardan xabar olib turgan Qiyomxon Boboyev.

O‘zbeklar jamiyati raisiga ko‘ra, hozirda ozod etilgan ishchilar mehnat haqini olishdan tashqari yana bir yirik muammoga duch kelgan: Rossiya hududida noqonuniy mehnat qilgani uchun ular yaqin kunlarda O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi va keyingi 5 yil davomida qaytib kirish huquqidan mahrum etiladi.

“Aziz” o‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Qiyomxon Boboyevning rasmiy ma‘lumotlarga tayanib ma‘lum qilishicha, 2011 yilning birinchi yarmida Rostov viloyatiga havo yo‘li bilan kirib kelgan 10 ming o‘zbekistonlikning rasmiy qayddan o‘tmaganligi aniqlangan.

“Rostov viloyatida yana 10 mingta o‘zbek qullari bo‘lishi mumkin”, deya xulosa qiladi Qiyomxon Boboyev.

Rostov Migratsiya xizmati rasmiysi Anna Troilina ma‘lumotiga ko‘ra, mazkur ish yuzasidan Rostov Ichki ishlar tergov bo‘limi qul mehnatidan foydalangan rossiyalik fermerga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atmasligini ma‘lum qilgan.

Rostov Ichki ishlar Bosh boshqarmasi rasmiy xodimi Aleksey Polyanskiy Ozodlikka fermerga nisbatan jinoiy emas¸ balki ma‘muriy ish ochilganini tasdiqladi.
XS
SM
MD
LG