Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 13:02

RSF Rossiya harbiylari tomonidan Kramatorskdagi mehmonxona nishonga olinganini qoraladi


“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti Ukrainaning Kramatorsk shahridagi mehmonxonaga Rossiya qo‘shinlari tomonidan berilgan zarbani qoralab chiqdi hamda hodisa aybdorlarini topib, ularni javobgarlikka tortish maqsadida sinchkovlik bilan tergov o‘tkazishga chaqirdi. Mazkur raketa hujumi natijasida Reuters agentligining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi qurbon bo‘lgan, yana ikki jurnalisti jarohat olgan edi.

RSF Rossiyaning raketa zarbasi oqibatida Reuters agentligining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Rayan Evans o‘limini qoralaydi va zarbadan jabrlangan uning ikki jurnalist hamkasbi sog‘lig‘idan (ulardan biri og‘ir ahvolda) xavotirda. RSF aybdorlarni topish va ularni javobgarlikka tortish uchun sinchkovlik bilan tergov o‘tkazishga chaqiradi”, deyilgan RSF'ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Janna Kavele bayonotida.

Tashkilot saytida qayd etilishicha, Rayan Evans Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Ukrainada xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan 12-OAV xodimidir. U 25-avgustga o‘tar kechasi Kramatorskdagi “Sapfir” mehmonxonasiga Rossiya tomonidan berilgan zarba natijasida qurbon bo‘lgan.

“Sapfir” mehmonxonasining nishonga olinishi oqibatida Reuters tasvirchisi Ivan Lyubish-Kirdey yaralangan. Bu haqda uning xotini, “Suspіlne” nashri jurnalisti Mariya Semenchenko ma’lum qilgan. Semenchenkoga ko‘ra, ko‘plab jarohat olgan Lyubish-Kirdey ayni paytda Dneprdagi kasalxonada og‘ir ahvolda hushsiz yotibdi. Lyubish-Kirdey avvalroq Ozodlikning “Current Time” loyihasi bilan ham hamkorlik qilgan edi.

Kramatorskka berilgan zarba paytida Ukrainada faoliyat yurituvchi polshalik jurnalist Monika Andrushevska ham jabrlangan. Polsat xabariga ko‘ra, u mehmonxonada yashagan emas, zarba chog‘ida u bino yonidan avtomobilda o‘tib ketayotgan bo‘lgan.

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri u yerda 100 dan ziyod ukrainalik va xalqaro jurnalist jabrlangan. RSF Ukraina urushidagi harbiy jinoyatlar yuzasidan Ukraina Bosh prokuraturasi va Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) sakkizta shikoyat, shuningdek, Fransiya sud organlariga ikkita shikoyat yo‘llagan.

XS
SM
MD
LG