Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2021, Тошкент вақти: 09:51

Rus xakerlari AQSh hukumatining kompyuter tizimini buzib kirgani gumon qilinmoqda


AQSh Davlat G‘aznachilik departamenti - 27 -mart, 2020

Rossiyalik xakerlar AQSh davlat idoralari, shu jumladan, G‘aznachilik va Savdo departamentlari kompyuter tarmoqlariga hujum qilgani taxmin qilinmoqda. Xakerlar bir necha oy davom etgan global kiberjosuslik kampaniyasi doirasida boshqa davlat idoralari hamda yirik shirkatlarni ham nishonga olgan.

13 - dekabr kuni Milliy Xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Ulliot hukumat «ushbu vaziyat bilan bog‘liq barcha muammolarni aniqlash va bartaraf etish uchun chora ko‘rayotganini» aytdi.


Ushbu hujumlar haqida birinchi bo‘lib Reuters agentligi xabar berdi.

Bu holat bilan yaqindan tanish rasmiylarning aytishicha, xakerlar G‘aznachilik departamenti va Savdo departamentining internet va telekommunikatsiya siyosati uchun mas’ul agentligini nishonga olishgan. Boshqa davlat idoralari tarmoqlari ham hujumga uchragan bo‘lishi mumkin.

Reuters agentligining xabar berishicha, vaziyat shu qadar jiddiyki, 12 - dekabr kuni Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashi yig‘in o‘tkazgan.

Masala bilan yaqindan tanish rasmiylardan biri Reuters agentligiga bergan intervyusida «Bu bitta agentlik bilan cheklanmagan katta voqea. AQSh hukumati va uning manfaatlariga qaratilgan ulkan kiberjosuslik kampaniyasi», - deb aytgan.

Reuters agentligi va The Washington Post gazetasining AQSh rasmiylariga tayangan holda xabar berishicha, ayni damda hujumlar ortida Rossiya hukumati xakerlari turgani taxmin qilinmoqda.

Ushbu holat bo‘yicha Federal tergov byurosi, Milliy xavfsizlik departamentining kiberxavfsizlik xizmati va boshqa idoralar tergov olib bormoqda.

Hujumlar bir necha oy davom etib kelgani aytilmoqda. Bu davr mobaynida xakerlar nishonga olingan agentliklar xodimlarining elektron pochtalarini kuzatishga muvaffaq bo‘lishgan.

8 - dekabr kuni AQShning FireEye kiberxavfsizlik shirkati «yuqori darajadagi hujum uyushtirish salohiyatiga ega davlat» o‘z tarmog‘ini nishonga olganini ma’lum qilgan edi.

Xakerlar FireEye shirkati o‘z mijozlari, shu jumladan, federal, shtat va mahalliy hukumat va yirik korporatsiyalar kompyuter tarmoqlaridagi zaifliklarini aniqlash uchun ishlatadigan vositalarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Kiberxavfsizlik hamjamiyatining aksar a’zosi FireEye hujumi ortida APT29 yoki Cozy Bear nomi bilan tanilgan va Rossiya razvedkasiga aloqador ekani aytiladigan xakerlar guruhi turganini taxmin qilmoqda.

Ayni guruh Prezident Barak Obama davrida Davlat departamenti va Oq uy, shuningdek, 2016 - yilgi prezidentlik kampaniyasi davomida Milliy Demokratik qo‘mita serverlariga hujumlarni amalga oshirgan edi.

Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi kiberhujumlarga aloqadorligini rad etib, bu ayblovlarni «asossiz» deb atadi.

«Rossiya kiberdomenda tajovuzkor operatsiyalarni amalga oshirmaydi», deyiladi Rossiya elchixonasi o‘z saytida e’lon qilgan bayonotda.

13 - dekabr kuni FireEye SolarWinds shirkati ishlab chiqqan server dasturiy ta’minotini yangilaganidan keyin, «global tajovuzkorlik kampaniyasi» sodir etilgani aniqlanganini bildirdi.

Ushbu dasturiy ta’minotdan jahon bo‘ylab yuz minglab tashkilotlar, shu jumladan, yirik korporatsiyalar va hukumatlar foydalanadi. SolarWinds saytida yozilishicha, shirkat mijozlari orasida AQSh armiyasining besh qo‘mondonligi, Pentagon, Davlat departamenti, NASA, Milliy xavfsizlik agentligi, Adliya departamenti va Oq uy bor.

FireEye hujum ortida kim turganini ochiqlamadi, ammo uni uyushtirganlar «dunyodagi ko‘plab davlat va xususiy tashkilotlar tarmoqlarini buzib kirishga muvaffaq bo‘lishgan», dedi.

AQSh Milliy xavfsizlik departamentining kiberxavfsizlik xizmati federal agentliklarni zudlik bilan o‘z tarmoqlarini tekshirish hamda SolarWinds dasturiy ta’minotini ishlatadigan barcha kompyuterlarni o‘chirish haqida ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG