“Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimidan bo‘shatilgan.
Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarnomasidan anglashilishicha, Abduvaliyevning ishdan olingani 14-yanvar kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida ma’lum bo‘lgan.
“Salimboy”ning o‘rniga tashkilot raisligiga O‘zbekiston Respublika Bosh prokurori, mamlakat kurash federatsiyasi rahbari Nig‘matilla Yo‘ldoshev saylangan. Xabarnomada Salim Abduvaliyevning nomi zikr etilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abduvaliyev O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga 1997-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi.
Avvalroq Ozodlik 6 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Salim Abduvaliyev 12 yanvar kuni salomatligidagi muammolar tufayli ozodlikka chiqqani haqida xabar qilgan edi.
Mahalliy matbuotda tadbirkor va metsenat deb ta’riflab kelingan Salim Abduvaliyev 2023-yil oxirida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri davomida qo‘lga olingandi.
Bu yil 75 yoshni qarshilaydigan Salim Abduvaliyev 2024-yilning 19-martida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining yopiq majlisi hukmi bilan JKning 248-moddasida (o‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash) ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, Abduvaliyev sud hukmi ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqidan foydalangan emas.