Samarqandlik jurnalist va bloger Bahodir Hasanov ma’muriy qamoq jazosini o‘tab ozodlikka chiqdi.
Joriy yil 10-sentyabr kuni Samarqand sudi ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan Bahodir Hasanovni haqorat va mayda bezorilikda aybdor deb topgan va unga nisbatan 2,5 mln so‘m jarima hamda 10 sutka qamoq jazosini tayinlagan edi.
Qarindoshlari Hasanov blogerlik faoliyati uchun jazolangan deb hisoblaydi.
Qamoqqa olinishidan bir kun avval bloger Feysbukdagi sahifasida ichki ishlar idoralari uni Samarqand aholisi shikoyatlarini yoritayotgani sabab ta’qib etayotgani haqida yozgandi.
Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jahongir Sa’dullayev Hasanov bir ayolning arizasi asosida hibsga olinganini ma’lum qilgan.
IIB versiyasiga ko‘ra, jamoat joyda videosyomka qilayotgan Hasanovdan bir ayol o‘zini suratga olmaslikni so‘ragan, bloger bunga javoban ayolni haqorat qilgan.
Muqaddam “Ovozi Samarqand” gazetasida ishlagan Hasanov hozirda mustaqil jurnalist va bloger sifatida faoliyat yuritadi.
Ijtimoiy mavzularga ixtisoslashgan bloger mas’ullarni ko‘tarilgan muammolarni hal etishga chaqirib keladi.