Seuldagi sud Janubiy Koreyada harbiy holat kiritish qarori tufayli hokimiyatdan vaqtincha chetlatilgan prezident Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order berdi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar qildi.
Agentlik qaydicha, mamlakat konstitutsiya asosida boshqarila boshlaganidan beri uning tarixida amaldagi davlat rahbarini hibsga olish uchun berilgan ilk orderdir.
Yonhap manbalari sud Yun Sok Yolni hibsga olish uchun uch ayblov — hokimiyat suiiste’moli, konstitutsiyaga zid ravishda harbiy holat joriy etish hamda isyon urinishi bo‘yicha sanksiya berganini aytishgan. Order vaqtincha hokimiyatdan chetlatilgan prezidentni qo‘lga olish uchun 48 soat muhlat bergan. Sud prezident qarorgohida tintuv o‘tkazilishiga ham order bergan.
Avvalroq Yun Sok Yol isyonga rahbarlik qilganlik va hokimiyat suiiste’moli ayblovlari bo‘yicha gumonlanuvchi o‘laroq so‘roqqa kelmagan edi.
14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti ikkinchi urinishda Yun Sok Yolni lavozimidan chetlatish uchun ovoz bergan.
Impichment to‘g‘risidagi masala parlamentda 3-dekabr kuni Yun Sok Yol “KXDRning mamlakat ichkarisidagi tarafdorlariga qarshi kurash uchun” harbiy holat joriy etilishi haqida e’lon qilganidan keyin ko‘tarilgan. Olti soat davomida amalda bo‘lgan farmon bilan siyosiy partiyalar faoliyati, norozilik chiqishlari, ish tashlashlarga taqiq qo‘yib, unda senzurani hamda o‘lim jazosi chiqarish huquqiga ega bo‘lgan harbiy-dala tribunallarini joriy qilish ko‘zda tutilgandi. Bu holat Seul ko‘chalarida ham, parlamentda ham keng ko‘lamli norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan. Deputatlar harbiylar tomonidan parlament binosi shturm qilinayotgan paytda prezident qarori bekor qilinishi uchun ovoz berishgan. Shundan so‘ng u qonunga muvofiq ravishda farmonni bekor qilishga majbur bo‘lgan.
Bu hodisalar ortidan Janubiy Koreyada isyonga oid ish tergovi boshlangan. Yun Sok Yolga xorijga chiqish taqiqlab qo‘yilgan.