Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:21

"Shariat doirasida". Tolibon ayollar huquqini hurmat qilishga va’da bermoqda


Afg‘onistonlik ayollar - Hirot, 3 - may, 2021
Afg‘onistonlik ayollar - Hirot, 3 - may, 2021

Tolibon butun dunyoga va Afg‘onistonning qo‘rquv bosgan aholisiga o‘zgarganini ko‘rsatish maqsadida olib borayotgan PR-kampaniyasi doirasida ayollar huquqlarini himoya qilishga, guruhga qarshi jang qilganlarga amnistiya e’lon qilish hamda Afg‘oniston terror xurujlari markaziga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bermoqda.

17 - avgust kuni Afg‘onistondagi xorij fuqarolari va ular bilan ishlagan afg‘onlarni havo orqali mamlakatdan olib chiqib ketish davom etdi. Bir kun oldin sarosimaga tushgan minglab afg‘onistonlik Kobul aeroportini ishg‘ol qilishi ortidan evakuatsiya parvozlari to‘xtab qolgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, Kobulda toliblar patrullik qila boshlar ekan, ko‘plab shaharliklar uyda qolgan.

Tolibon 15 - avgust kuni poytaxtni zabt etgandan keyin ilk rasmiy matbuot anjumanini o‘tkazdi. Unda guruh so‘zchisi Zabihulloh Mujohid jangarilar boshqa davlatlar bilan tinch aloqalar o‘rnatishni istashini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayollar ishlashi va o‘qishiga ruxsat beriladi.

«Ayollar jamiyatda juda faol bo‘ladi, ammo Islom doirasida», dedi kotib.

«Biz hech qanday ichki yoki tashqi dushmanni xohlamaymiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Tolibon Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish o‘z yakuniga etay deganda mamlakatni egallab oldi.

Afg‘onistonlik bir guruh ayollar Tolibondan o‘z huquqlarini himoya qilishni talab qilmoqda - Kobul, 17 - avgust, 2021. Video skrinshoti
Afg‘onistonlik bir guruh ayollar Tolibondan o‘z huquqlarini himoya qilishni talab qilmoqda - Kobul, 17 - avgust, 2021. Video skrinshoti

Amerika qo‘shinlari o‘tgan yili sobiq AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Tolibon bilan tuzgan bitim asosida olib chiqib ketildi. Bitimga binoan, jangari guruh Afg‘oniston hududida AQSh va boshqa mamlakatlarga qarshi terror hujumlari uyushtirilishiga yo‘q qo‘ymaslik majburiyatini o‘z bo‘yniga olgan.

Tolibon hokimiyatga qaytishi ortidan guruhga qarshi yillar davomida kurashgan G‘arb davlatlari jangarilar bilan aloqa qilish yoki qilmaslik haqida bosh qotirmoqda.

«Butun dunyoga kim ekanliklarini va qanday yo‘l tutmoqchi ekanliklarini ko‘rsatish Tolibonning o‘z qo‘lida», dedi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan.

Sallivan guruhni rasman tan olish masalasi haqida:

«Ularning o‘tmishi yaxshi emas, lekin bu savolga javob berishga hali erta», dedi.

Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Josep Borrel blok Afg‘onistonni o‘z nazoratiga olgan Tolibon bilan aloqa o‘rnatishi kerakligini aytdi.

«Tolibon urushda g‘alaba qozondi, shuning uchun biz ular bilan aloqa qilishga majbur bo‘lamiz», dedi u Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ini ortidan.

Ammo Borrel bu Tolibon hokimiyatini tezda rasman tan olish kerak, degani emasligini qo‘shimcha qildi.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Evropa Ittifoqi Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishni to‘xtatadi. Ayni damda, blok insonparvarlik yordami ko‘lamini oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Borrel Tolibon rahbarlari bilan «vaziyatni oydinlashtirmagunimizcha, hech qanday rivojlanish yordami ko‘rsatilmasligini» aytdi.

Rasmiy Tolibon yordam mablag‘laridan foydalana olishi uchun BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va inson huquqlarini hurmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Tolibon inson huquqlarini poymol qilib kelayotgani uchun rasmiy London hozircha guruh bilan aloqa o‘rnatish niyatida emasligini aytdi.

Ammo Raab Qatarda inklyuziv hukumat tuzish to‘g‘risida muzokaralar davom etar ekan, «biz yangi rejimni moderatsiya qilib turish imkoniyati paydo bo‘lishini kuzatib bormoqchimiz», dedi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Tolibonni Afg‘oniston yana terrorizm uchun qulay zaminga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi.

Stoltenberg matbuot anjumani o‘tkazib,

«Hozir hokimiyatni qo‘lga olganlar xalqaro terrorchilar yana jonlana boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mas’uldir», dedi.

Stoltenberg NATO Afg‘onistondan o‘z kuchlarini olib chiqib ketgan bo‘lsa‑da, alyans u yerda terrorchi guruhlar qayta to‘planayotgani va masofadan zarba berishi mumkinligini kuzatib borishini aytdi.

Tolibon Afg‘onistonni qayta qurish va hayot davom etishini ta’minlash uchun o‘z xalqining iqtidoriga muhtojligini aytib, mamlakatdagi hamma uchun umumiy «amnistiya» e’lon qildi.

Афғонистон: Кобулда хаос, Толибон Ислом Амирлигини эълон қилишга ҳозирланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:20 0:00

Mujohid amnistiya Tolibonga qarshi chiqqanlarga ham tadbiq etilishini va’da qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh boshchiligidagi kuchlar uchun tarjimon bo‘lib ishlaganlar nishonga olinmaydi va ular Afg‘onistonga qaytishi yoki mamlakatda qolishi mumkin, shu jumladan, ayni damda Kobul aeroportida mamlakatdan chiqib ketishni kutayotgan shaxslar ham.

Mujohid yangi hukumatni tuzish bo‘yicha muzokaralar haqidagi savolga javob berar ekan, Tolibon Afg‘oniston milliy yarashuv kengashi rahbari Abdulla Abdulla, sobiq prezident Hamid Karzay hamda taniqli sobiq dala qo‘mondoni Gulbiddin Hikmatyor bilan aloqada ekanini aytdi.

Mujohid Tolibon inklyuziv hukumat tuzishni xohlashini, ammo bu islom qadriyatlariga muvofiq ravishda amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.

Bu orada AQSh chet elliklar va himoyasiz afg‘on fuqarolari xavfsiz evakuatsiya qilinishini ta’minlash uchun mamlakatga qo‘shimcha harbiy kuchlarni yubordi. 17 - avgustda Afg‘onistondagi qo‘shinlar soni 4 000 kishiga yetdi.

Sallivan Tolibon AQShga tinch aholi aeroportga xavfsiz yetib borishini ta’minlashni va’da qilganini aytdi.

Oq uyda o‘tkazilgan matbuot brifingida Sallivan evakuatsiyalar 31 - avgustgacha davom etishi mumkinligini aytib, Vashington aniq vaqt jadvalini belgilash uchun Tolibon bilan muzokara olib borayotganini ta’kidladi.

AQSh general-mayori Xenk Teylorning aytishicha, Vashington har kuni 5 000 – 9000 yo‘lovchini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun reyslar sonini oshirmoqchi.

Yevropa mamlakatlari ham o‘z fuqarolari va ular bilan birga ishlagan afg‘onlarni evakuatsiya qilmoqda. Shuningdek, hayoti xavf ostida ekani aytilayotgan jurnalistlar va huquq himoyachilari ham evakuatsiya qilinmoqda.

So‘nggi haftalarda Tolibon chaqmoq tezligida Afg‘onistondagi shahar va qishloqlarni qo‘lga oldi. Kobul ekstremistik guruh nazoratiga o‘tgan so‘nggi yirik shahar bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, Tolibon asoschilaridan biri Mulla Abdul G‘ani Barodar 17 - avgustda Afg‘onistonga qaytgan. Qatardagi muzokaralarda ishtirok etgan Barodar tug‘ilib o‘sgan shahri Qandahorga borgan.

16 - avgust kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Afg‘onistonda yangi hukumat tuzish uchun muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.

Bu orada Karzay va Abdulla Tolibon vakillari bilan uchrashib, Afg‘oniston kelajagini muhokama qilish uchun 17 - avgust kuni Qatarga safar qilishi xabar qilindi.

Ammo Afg‘oniston Milliy yarashuv oliy kengashidagi manba Ozodlikka tashrif kechiktirilganini aytdi. Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan manba kechikish sababini ochiqlamadi.

XS
SM
MD
LG