Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:24

Shvetsiya Eronni kiberhujum uyushtirishda aybladi


Eronda Shvetsiyaga qarshi namoyish. Tehron, 21-iyul 2023
Eronda Shvetsiyaga qarshi namoyish. Tehron, 21-iyul 2023

Shvetsiya davlat xavfsizlik xizmati (Sapo) Eron razvedkasini shved mobil aloqa xizmatlariga kiberhujumlar uyushtirishda aybladi.

Bi-Bi-Si xabariga ko‘ra, eronlik hakerlar 2023-yil 1-avgust kuni Shvetsiyadagi uyali aloqa foydalanuvchilariga Qur’on yoqish aksiyalariga javoban qasos olishga undovchi 15 mingta xabar yuborgan.

Shvetsiya tergov idorasi Anzu hakerlar guruhining mobil operatorlarga kiberhujumi 2023-yil iyul oyida amalga oshirilganini aniqlagan.

Xavfsizlik idorasi hakerlarning shaxsini aniqlagan, ammo ularni tergovga tortish imkonsiz ekani aytilmoqda.

Prokuratura xulosasiga ko‘ra, kiberhujumlar orqali Shvetsiyani islom diniga toqatsiz davlat sifatida ko‘rsatish va jamiyatda parokandalikni yuzaga keltirish maqsad qilingan.

O‘tgan yili Yevropa mamlakatlari, jumladan, Shvetsiyada musulmonlarning muqaddas kitobi sanalgan Qur’onni namoyishkorona yoqish aksiyalari o‘tkazildi.

Shvetsiya hukumati Qur’on yoqish aksiyasini qoralagan, politsiya bu kabi tadbirlarni o‘tkazishga to‘sqinlik qilishga uringan. Ammo Shvetsiyaning so‘z erkinligiga doir qonunchiligiga muvofiq, bu sira aksiyalarni taqiqlash mumkin emas.

Musulmon dunyosi Qur’on yoqish aksiyasini g‘azabnok qabul qilgan. Yaqin Sharq mamlakatlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Xususan, Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida yig‘ilgan namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi binosiga o‘t qo‘ygan.

XS
SM
MD
LG