Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:54

Sifatsiz qurilgan issiqxonani qor bosdi. Firma qayta qurib berishni istamayapti(VIDEO)


Zafar Poshshoyev birinchi qorni ko‘tara olmay qulagan issiqxonasida
Zafar Poshshoyev birinchi qorni ko‘tara olmay qulagan issiqxonasida

Qashqadaryo viloyat, Koson tumani, Qo‘ybog‘ qishlog‘ida yashaydigan o‘qituvchi Zafar Poshshoyevning “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida kreditga qurdirgan issiqxonasi bitta qorga dosh berolmadi.

Bu issiqxona o‘tgan yil noyabrida Koson tumanidagi “Agro chorva tomorqa” MChJ tomonidan 30 million so‘mga qurib berilgan edi.

O‘qituvchi issiqxonaning yarmini qor bosib sindirganidan so‘ng, uni qaytadan mustahkam qilib qurib berishni yoki pulini qaytarib berishni talab qildi.

Ammo MChJ uning talabini bajarmayapti. Oqibatda o‘qituvchi ishlata olmagan issiqxona uchun kredit pulini to‘lashda davom etmoqda.

“Agro chorva tomorqa” MChJ rahbari Tohir Rasulov issiqxonani faqat avvalgi holatdagidek qurib bera olishini, uni qo‘shimcha mustahkamlash uchun qo‘shimcha to‘lov lozimligini aytdi.

Қорга дош бера олмаган иссиқхона
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:28 0:00

Koson tumanidagi 3 – umumta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi, 46 yashar Zafar Poshshoyev o‘tgan yilning kuzida hukumatning “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida bankdan 30 million so‘m kredit olib, noyabr oyida issiqxona qurdirgan edi:

“Bank pulni to‘g‘ri “Agro chorva tomorqa” MChJga tashlab berdi. Ular qurishni boshladi. Lekin issiqxona arkini uzunligini 9 metrlik qildi. Men unga buning orasi juda keng, qorlarga dosh beromaydi, 6 metrlik ark qiling desam, yo‘q, bizning smetamizda shunaqa deb unamadi. Xullas, 25 metr uzunligi 18 metr eniga ikkita duga qilib qilingan, 9 metrdan. Har bir arkning o‘rtasi 2,70 metr”.

O‘qituvchining aytishicha, oradan bir oy o‘tmay 26 - dekabrda yoqqan qor issiqxonining bir tomonini bosib qolgan:

“Men Tohirni o‘shanda ogohlantirib, qalinroq qor yog‘sa bularing ko‘tara olmaydi, deganimda “men sizga uch yilga garantiya beraman, agar qor bosib sinsa qaytadan qurib beraman, degan edi. Qizig‘i shundaki shartnoma bank bilan ta’minochi orasida tuzilgan, menga ko‘rsatishmagan ham. Keyin bankdan talab qilib olsam, men qo‘yadigan imzo soxtalashtirilgan ekan. Ular 15 - avgustga qilib berildi deb shartnoma qilgan ekan, aslida esa issiqxona noyabr oyida qurilgan”.

Zafar Poshshoyev issiqxonani qor bosib qolgan kunning ertasigayoq Tohir Rasulovga qo‘ng‘iroq qilib aytgan, lekin u oradan uch kun o‘tib kelgan. Bundan tashqari sektor rahbari, tuman hokimligi, bank, tuman prokuraturasiga xat bilan rasman murojaat qilgan.

“Hech qaysi tashkilot rasmiy javob bermadi. Keyin prokuraturaga borib talab qilaverganimdan keyin ular “biz ham hech narsa qilolmaymiz, u ham tadbirkor, o‘zingiz kelishing” deb menga javob berishdi. Bo‘lmasa bankdan kerditimni to‘xtatib turinglar desam, yo‘q uni ham to‘xtat olmaymiz, kreditni siz olgansiz siz to‘lashingiz shart, deyishdi”.

Zafar Poshshoyevning iddao qilishicha, shunday issiqxonalar qurgan boshqa quruvchilarni olib kelib ko‘rsatganda ular issiqxona qurishda standart qoidalar buzilganini aytgan:

“Birinchidan, yuqorida aytganimdek ark uzunligi 9 emas, 6 metrlik qilib qurilishi kerak. Ikkinchidan, Tohir Rasulov 25 millimetrli trubalarni qo‘ygan, aslida 32lik bo‘lishi kerak. Trubaning stendi, ya’ni qalinligi 1,7 bo‘lish kerak ekan, Tohir esa 1,4ligini qo‘ygan. 30 million so‘m olgan, aslida esa 15 million so‘mlik ish qilingan. Agar bank o‘sha pulni meni o‘zimning hisobimga o‘tkazib berganida edi, men kapitalni qilib, bo‘ron tursa ham yiqilmaydigan issiqxona qurdirgan bo‘lardim. “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida o‘zlari kelishgan firmalarga pulni o‘tkazib, xo‘jako‘rsinga qurib berilgan issiqxonalar bu. Mendan boshqa yana juda ko‘p odamlar ana shunday kuyib qolmoqda”.

Birinchi qordayoq qulagan issiqxonani qurgan “Agro chorva tomorqa” MChJ rahbari Tohir Rasulov Ozodlikka issiqxonani qayta quriib berishga roziligi, ammo bunga Zafar Poshshoyev rozi bo‘lmayotganini aytdi:

“Men qurib berganimga sakkiz oy bo‘ldi. Qor bosib qolgan ekan, mayli men yo‘q demaganman. Qulagan joyini qaytadan qilib beramiz desak, u ko‘nmayapti. U sakkiz oydan beri issiqxonadan foydalanib kelyapti. Mening aybim bilan bo‘lgan yo‘q u, mening aybim bilan qor bosib qolgani yo‘q. Qaytadan ta’mirlab beraman deyapman, u esa buzib olib ketginda pulimni qaytarib ber deyapti".

Zafar Poshshoyev esa MChJ direktorining bu gaplari yolg‘on ekanligini aytadi:

“Issiqxonani 25 - noyabrda qurib bitkazishdi. Qanaqasiga men 8 oy uni ishlatgan bo‘laman. Qanaqasiga uning aybi yo‘g‘ ekan, katta pulga sifatsiz narsa qurib beradiyu aybi bo‘lmasmikan? To‘g‘ri menga yana o‘shanday qilib qurib beraman dedi, yanagi qorda yana bosib qolishi uchunmi? Shuning uchun men unga standart, sifatli qilib qurib ber, bo‘lmasa bankka o‘zing to‘la, men boshqa kredit olib boshqa quraman deganman”.

2018 - yilda 7 - iyunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish maqsadida PQ-3777 sonli qarorni imzolagan edi.

Bu qarorga muvofiq banklar oilalarga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit berishi va ular bu pulni ishlab chiqraishga sarflashi lozim edi.

Lekin, banklar bu kreditni to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlarga bermay manfaatli tashkilot va firmalarga berishi oqibatida aholi o‘zi istagan tovarlarni ololmay kuyib qolgani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan edi.

Jumladan, o‘tgan yili andijonlik 42 nafar shikoyatchi Ozodlikka murojaat qilib, “Guliston nurli istiqboli” chorvachilik fermer xo‘jaligidan 2018 - yilda qoramol sotib olgani, biroq bu mollarning kasalligi yashirib sotilgani sabab ular nobud bo‘lgani yoki so‘yib sotishga majbur bo‘lganliklarini bildirdi.

Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi “Guliston nurli istiqboli” chorvachilik fermer xo‘jaligi “Agrobank” bilan kelishib, aholiga 7 foizlik kredit bilan 1000 dan ortiq kasal qoramol sotgan edi.

XS
SM
MD
LG