Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:07

Sirli «Gavana sindromi»ga chalinganlar orasida O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi xodimlari ham bor


AQSh Davlat departamenti
AQSh Davlat departamenti

2016 yildan beri AQSh diplomatlari, razvedka xizmatlari xodimlari va boshqa davlat ishchilari orasida kuzatilayotgan sirli «Gavana sindromi»ga Markaziy Osiyoda faoliyat yuritgan diplomatlar ham duchor bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Ilk marotaba 2016 - yilda Kubada ishlayotgan AQSh va Kanada elchixonalari xodimlarida orasida kuzatilgan sirli kasallik alomatlari «Gavana sindromi» deb nomlanadi. Keyinchalik AQShning boshqa mamlakatlardagi xodimlari orasida ham ayni alomatlar kuzatildi. Bunday alomatlar kuzatilgan bemorlarning ko‘pchiligining miyasi shikastlangan.

20 - iyul kuni “NBC News” nashri AQSh hukumatidagi manbalariga tayangan holda o‘tgan yili Qirg‘izistonda birdan ortiq amerikalikda, shu jumladan, chaqaloqda sirli kasallik simptomlari kuzatilgani haqida xabar berdi. 21 - iyul kuni esa “ABC News” nashri O‘zbekistonda ham AQSh hukumati xodimlarida ayni alomatlar kuzatilgani haqidagi hisobotni e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, «Gavana sindromi» bugunga qadar Kuba, Avstriya, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya va AQShdagi davlat xodimlari orasida qayd etilgan.

«Gavana sindromi» xorijiy kuch amalga oshirgan hujum natijasida yuzaga kelishi mumkin, degan qarash mavjud. O‘tgan hafta “The New Yorker” jurnalida Venadagi Amerika elchixonasining yigirmaga yaqin xodimida ham shu kabi alomatlar kuzatilgani xabar qilinishi ortidan ushbu masala yana diqqat markaziga chiqdi.

ABC telekanali AQSh razvedkasi «anomal holatlarni» o‘rganish uchun yangi mutaxassislar guruhini tuzganini xabar qildi. Guruh a’zolari orasida Markaziy razvedka boshqarmasi va Milliy razvedka direktori ofisining yuqori lavozimli ofitserlari hamda ilmiy va tibbiy mutaxassislar bor.

O‘tgan yilning dekabrida AQSh Milliy fan, muhandislik va tibbiyot akademiyasi «Gavana sindromi» haqida hisobot e’lon qilgan edi. Hisobot mualliflari «ushbu holatlarni izohlashda yo‘naltirilgan, impulsli radiochastota energiyasi eng haqiqatga yaqin mexanizm bo‘lib ko‘rinadi, ayniqsa, dastlabki alomatlar ravshan bo‘lgan odamlarda» deya xulosa qilishdi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, qayd etilgan miya shikastlanishlarining ayrimlari yo‘naltirilgan mikroto‘lqinli energiya ta’siriga mos keladi. Rossiya uzoq vaqtdan beri ushbu texnologiyani o‘rganib keladi.

“NBC News” 2018 - yilda ayrim AQSh razvedkasi rasmiylari xorijdagi diplomatlar va Markaziy razvedka boshqarmasi zobitlariga Rossiya qasddan hujum qilayotganiga ishonishlarini xabar qilgan edi. Ammo buni tasdiqlovchi razvedka ma’lumotlari mavjud emas.

Bugunga qadar o‘nlab amerikalik hukumat ishchisida «Gavana sindromi» bilan bog‘liq alomatlar qayd etilgan. Bemorlarning aksari baland tonli tovush eshitgan, g‘alati bosim yoki tebranishlarni his qilgan. Ularning ayrimlarida bosh og‘rishi, ko‘ngil aynishi, kognitiv nuqsonlar hamda ko‘rish, eshitish yoki muvozanat saqlash bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan turli nashrlarga intervyu bergan AQSh rasmiylari «Gavana sindromi» ortida turgan taraf mikroto‘lqinli energiya moslamasidan yoki yashirin ravishda raqamli ma’lumot to‘plash, yoki amerikalik xodimlarni ta’qib qilish yo‘lida foydalanayotganini taxmin qildi.

Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Mark Polimeropulos 2017 - yilda Moskvaga qilgan safari chog‘ida hujumga uchraganiga ishonadi. U bugunga qadar ko‘plab amerikaliklar bunday hujumga uchraganiga ishonishini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG