Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2021, Тошкент вақти: 06:38

“Siz marosimlarda qatnashavering...” - Saida Mirziyoyeva yana bir global forumda ishtirok etishini e’lon qildi


Milliy mass media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning gender tenglik bo‘yicha komissiya a’zosi ekani o‘tgan yil fevralida Dubaydagi forum chog‘ida e’lon qilingandi- Facebook

AQSh Davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamentining Ayollar global muammolari bo‘yicha ofisi rahbari, Maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri O‘zbekiston milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevani «Xotin-Qizlar birlashgan iqtisodiy hamkorlik tarmog‘i»ning ochilish marosimiga taklif etdi.

Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Xotin-Qizlar birlashgan iqtisodiy hamkorlik tarmog‘i» dunyoga mashhur “Ibrohim” jamg‘armasi qoshida tashkil qilingan bo‘lib, asosan, gender muammolari bilan mashhur faollarni o‘z atrofiga birlashtirgan.

“Menga ushbu tadbirda ishtirok etish va gender tenglik bo‘yicha global harakat yetakchilari bo‘lgan ayollar bilan yaqindan tanishish katta mamnuniyat baxsh etdi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyeva Dubaydagi forum chog‘ida AQShning lavozimdan ketayotgan prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Trampga tanishtirilgani haqida yozgan
Saida Mirziyoyeva Dubaydagi forum chog‘ida AQShning lavozimdan ketayotgan prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Trampga tanishtirilgani haqida yozgan

AQSh Davlat departamentining Ayollar global muammolari bo‘yicha ofisi rahbari, maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri shu yilning 10 - yanvarida Gender masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva bilan Toshkentda uchrashgandi.

“Ibrohim” jamg‘armasi

10 - yanvar kuni Toshkentda “Ibrohim jamg‘armasi to‘g‘risida AQSh-O‘zbekiston qo‘shma bayonoti" imzolangan. Bayonotni o‘zbek tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov imzolagan.

Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasi xabarida aytilishicha, AQSh, Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari ushbu jamg‘armani 2020 - yil 20 - oktabrda ochgan. “Bu orqali uch mamlakat mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan xususiy sektor boshchiligida amalga oshiriluvchi sarmoyalar va taraqqiyot tashabbuslari uchun 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflashni ko‘zlaydi. Jamg‘arma Ibrohim kelishuvlarida berilgan va’dani bajaradi hamda mintaqa aholisi hayotini yaxshilaydigan sezilarli loyihalar orqali tinchlikning afzalliklarini namoyish etadi”.

AQSh tomoni bayonotida aytilishicha, “O‘zbekiston ajratadigan 50 million dollargacha bo‘lgan mablag‘ uning Ibrohim kelishuvlariga sadoqatidan dalolat beradi hamda iqtisodiy hamkorlik va aloqalarni yaxshilash ko‘pchilikning mushtarak maqsadi ekanligini anglatadi. Bu esa O‘zbekiston uchun ham farovonlik keltiradi”.

“O‘zbek ayollari o‘ziga o‘t qo‘ymoqda”

O‘zbekiston prezdidentining to‘ng‘ich qizi o‘tgan yil fevralida Birlashgan arab amirliklari (BAAning Dubay shahrida o‘tgan Butunjahon ayollar forumida ishtirok etgan va AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp bilan uchrashgandi. Telegram tarmog‘idagi sahifasida Mirziyoyeva forum oldidan uni AQSh prezidenti qizi Ivanka Tramp bilan tanishtirishganini yozgan.

Forumda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash komissiyasi a’zosi sifatida so‘zga chiqqan Mirziyoyeva o‘tmishda "o‘zbek ayollari barcha sohalarda a’lo darajada ilgarilab borishgani, ammo soyada qolib kelish"ganini ta’kidlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirziyoyevaning chiqishiga munosabat bildirgan ayrim o‘zbekistonliklar birinchi prezident Islom Karimovning hozirda qamoqda o‘tirgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning xalqaro maydondagi faoliyati bilan parallel o‘tkazishgan.

Bu kabi sharhlar Mirziyoyevaning so‘nggi posti ostida ham qoldirildi.

“Yana jamg‘arma, yana talon-toroj” deb yozdi Zuhra Nasriddinova ismli Facebook foydalanuvchisi.

Dilya Rajabova ismli foydalanuvchi esa “Siz marosimlarga qatnashavering, o‘zbek ayollari xorijlarda sarson, o‘z yurtida xo‘rlangan va o‘ziga o‘t qo‘yib hayot kechiradi yoki hayotini to‘xtatadi!!!”, deya zaharxanda qildi.

Xabarga munosabat bildirgan ayrim o‘zbekistonliklar esa Saida Mirziyoyevaning “ayollar roli va o‘rnini oshirish”ga qaratilgan harakatlarini olqishlashgan.

AOKA, Mass media va gender tenglik

36 yoshli Saida Mirziyoyeva 2019 - yil aprelidan 2020 - yil 29 - yanvariga qadar Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Mirziyoyeva vazir o‘rinbosariga tenglashtirilgan ayni lavozimni egallagan birinchi ayol va eng yosh mulozima bo‘lgan.

2020 - yil u va AOKA rahbari Komil Allamjonov o‘z ixtiyori bilan agentlikdan iste’fo berganini e’lon qilgan edi. Shundan buyon Mirziyoyeva-Allamjonov tandemi Milliy mass media vasiylik kengashiga rahbarlik qilib keladi.

Shu yil 29 - dekabrda parlamentga qilgan murojaatnomasida prezident Mirziyoyev Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva bir yil avval tark etgan AOKA isloh qilinishini aytdi.

Prezidentning bayonoti AOKA bilan qator mustaqil internet nashrlari o‘rtasida mamlakatdagi energetik inqirozi hamda koronavirus statistikasini yoritish ustidan yuzaga kelgan ziddiyat ortidan yangradi.

Blogerlar va so‘z erkinligi borasida avvalgi bayonotlaridan farqli, Allamjonov va Mirziyoyeva rahbari bo‘lgan Milliy mass media fondi ushbu ziddiyat yuzasidan hech qanday rasmiy bayonot bermagan.

Prezidentning o‘zi parlamentga murojaatida mamlakat so‘z erkinligidan ortga qaytmasligini bildirdi.

15 - yanvar kuni Allamjonov - Mirziyoyeva tandemi "Milliy" telekanalida namoyishi to‘xtatilayotgan "Zakovat" loyihasini o‘z "otalig‘iga" olganini e’lon qildi.

"Zakovat" yopilmaydi. Aksincha- gullaydi. Biz @SShMirziyoyeva bilan ushbu loyihani o‘z otalig‘imizga oldik. Bu yil inshaalloh ushbu media loyiha orqali respublikamizdagi yangidan yangi bilimdon yoshlarni kashf qilamiz", deb yozdi Komil Allamjonov o‘zining Telegram kanalida.

Ozodlik "Milliy" telekanali muassisi va sobiq hukumat mulozimi Komil Allamjonov faoliyatidagi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida yozgan.

Ozodlik surishtiruvi Saida Mirziyoyevaning turmush o‘rtog‘i Oybek Tursunovga qarashli shirkat Yunusobodda 100 ga yaqin tadbirkorning yerlarini tekinga olgan Urban Developers MChJga aloqador bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Shu kunlarda Toshkentdagi ma’muriy mahkama tadbirkorlarning 6 gektar yerni tekinga bergan Toshkent shahar hokimi qarori ustidan shikoyatini ko‘rib chiqmoqda.

Urban Developers MChJ prezident kuyovi bilan aloqalarni rad etib keladi.

XS
SM
MD
LG