Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:23

Slovakiya bosh vaziriga o‘q solingan konvert yuborildi


Joriy yil may oyida uyushtirilgan suiqasdda omon qolgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga noma’lum shaxslar tomonidan o‘q solingan konvert yuborildi.

Bosh vazirga keladigan maktublarni tekshiruvchi devonxona mas’ullari xatjildda o‘q borligini bilib qolgan.

Bratislava mintaqaviy politsiyasi vakili Mixal Zayff bu xabarni tasdiqlab, huquq-tartibot idoralari holatni o‘rganayotganini bildirgan.

60 yoshli Robert Fitsoga joriy yil 15-may kuni Gandlova shahrida o‘tkazilgan hukumatning sayyor majlisidan keyin suiqasd qilingan edi.

71 yoshli siyosiy faol va adib Yuray Sintula bosh vazirga qarata bir necha bor o‘q uzgan. O‘sha yerning o‘zida qo‘lga olingan Sintula o‘z qilmishini hukumat siyosatidan norozi ekani bilan izohlagan.

Suiqasddan keyin tibbiy amaliyotni boshdan kechirgan va davolangan siyosatchi iyul oyida ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish berdi.

Fitso o‘z partiyasi parlament saylovida g‘olib chiqqani ortidan o‘tgan yil oktyabrida bosh vazirlikka tayinlangan edi. Mazkur partiya yevroskeptikcha va millatchilik pozitsiyasiga ega bo‘lib, saylov oldidan Ukrainaga harbiy yordam cheklanishi va migratsion nazorat keskin kuchaytirilishini yoqlab chiqqan.

XS
SM
MD
LG