Levada-Sentr tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan rossiyaliklarning qariyb yarmi “istisnoviy vaziyatlarda” — masalan, gap zo‘ravonlik bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar haqida ketgan paytda, gumonlanuvchilarga nisbatan qiynoq qo‘llash mumkin, deb hisoblashadi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yil ichida “qiynoq qo‘llash mumkin” deb hisoblaydigan kishilar foizi qariyb ikki baravar ortgan: 2019-yilda bunday fikrda bo‘lgan respondentlar 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bunday mulohaza bo‘lganlar soni 47 foizga yetgan.
Ayni paytda qiynoq qo‘llash mumkin emas, deb hisoblaydigan soni ham qariyb ikki baravar kamaygan (2019-yilda - 59 foiz, 2024-yilda - 35 foiz).
Sotsiologlar bu natijalarni qisman Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalidagi terakt oqibatlari bilan bog‘lamoqdalar. Ularga ko‘ra, mazkur terror xuruji Rossiya jamiyatining katta qismini shokka solgan.
Joriy yilning 22-mart kuni avtomatlar bilan qurollangan bir necha kishi “Piknik” rok guruhi konserti bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Krokus” konsert zaliga bostirib kirishib, yig‘ilgan tomoshabinlarni o‘qqa tutishgan. Keyinroq hujumchilar zalga o‘t qo‘yishgan, alanga qamrovi kengaygani ortidan bino tomi qulab tushgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 144 kishi qurbon bo‘lgan, 551 kishi jarohat olgan.
Bugungi kunga kelib, tergov idoralari iddaosiga ko‘ra, terakt ijrochilari va sheriklarining hammasi hibsga olingan, ularning ko‘pini Tojikiston fuqarolari tashkil etadi. Teraktning muhtamal ijrochilaridan kamida bir nafari qo‘lga olinish chog‘ida qiynoqqa duchor etilgan: uning qulog‘i kesib olingan.