Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2021, Тошкент вақти: 21:32

"So‘zdagi inson huquqlari". HRW O‘zbekistonning yangi Jinoyat kodeksi loyihasini tanqid qildi


O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi

“Prezident Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashda qilgan nutqida inson huquqlari masalasi islohotlar markazida bo‘lishi haqidagi va’dasidan so‘ng barchaning nigohi O‘zbekistonga qaratilgan”, deydi AQShda joylashgan “Hyuman Rayts Uotch” (HRW) inson huquqlari tashkiloti.

“Hyuman Rayts Uotch” o‘zbek hukumat rasmiylarini Jinoyat kodeksidagi demokratik erkinliklar yo‘lida to‘g‘anoq bo‘layotgan qismlarni isloh qilishga chaqirdi. Tashkilotga ko‘ra, kodeksning yangi loyihasida bu jihatlar yetarlicha hisobga olinmagan.

10 - mart kuni e’lon qilingan bayonotda HRU “yangi Jinoyat kodeksi Toshkent imzolagan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro bitimlarga to‘la mos kelishi kerakligi"ni ta’kidlaydi.

O‘tgan oy O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Jinoyat kodeksining yangi loyihasini 9 - martga qadar jamoat muhokamasi uchun e’lon qilgan. Shundan so‘ng bu loyiha deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak edi.

HRUning aytishicha, garchi loyihada bir qancha mo‘’tadil ijobiy o‘zgarishlar bo‘lsa ham, “so‘z erkinligi, namoyishlar o‘tkazish va diniy erkinliklarni poymol qiladigan bir qancha moddalar saqlab qolingan”.

Tashkilot qarashicha, loyihadagi ayrim qismlarda “huquqi halqaro qonunlarda e’tirof etiladigan ayollar, qiynoq qurbonlari, lesbiyan, gey, biseksual va transgenderlarni himoya qilish bo‘yicha kamchiliklar mavjud”.

“Prezident Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashda inson huquqlari masalasi islohotlar markazida bo‘lishi haqidagi va’dasidan so‘ng barchaning nigohi O‘zbekistonga qaratilgan”, - deydi HRUning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mihra Rittman.

“Hozir ishni xato boshlash fursati emas, aksincha, prezidentning so‘zlarini amalda ko‘rsatish va Jinoyat kodeksi loyihasidan tahqirlovchi barcha bandlarni chiqarib tashlash vaqti”, - deya qo‘shimcha qildi u.

HRU o‘zbek rasmiylarini ushbu kodeks loyihasini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqligini o‘rganish uchun Qonun orqali demokratiya uchun Yevropa Komissiyasiga (Venetsiya komissiyasi) taqdim qilishga chaqirdi.

HRU, shuningdek, Toshkentning xalqaro hamkorlarini o‘zbek rasmiylarini yangi kodeks O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga to‘liq muvofiqlashtirishga undashga da’vat qildi.

“Agar Jinoyat kodeksi yanada yaxshilanmasa, suiiste’mollarga yo‘l ochadigan bandlar o‘zboshimcha qamashlar va himoya qilinishi lozim bo‘lgan istalgan xatti‑harakat uchun ta’qib qilishga imkon berishi va bundan himoya qiluvchi bandlar esa chetda qolib ketishi muqarrar. O‘zbekistonning hamkorlari Bosh prokuratura va parlamentga ushbu fursatni boy bermay Jinoyat kodeksini yaxshilashi uchun bosim o‘tkazishi lozim”, - dedi Rittman

XS
SM
MD
LG