Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:10

SpaceX shirkati tarixda ilk marotaba 4 nafar havaskorni fazoga uchirdi


15 sentabr kuni milliarder e-tijoratchi va yana uch nafar havaskor fazogir AQShning Florida shtatidan SpaceX raketa kemasi bortida Yer orbitasiga ko‘tarildi. Bu Yerni fazoda aylanib chiqqan birinchi faqatgina tinch fuqarolardan iborat ekipaj bo‘ldi.

Shift4 Payments Inc moliyaviy xizmatlar kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Jared Isaakman boshchiligidagi havaskor fazogirlar Kanaveral burnidagi Kennedi kosmik markazidan uchdilar.

38 yoshli Isaakman bilan bir qatorda 51 yoshli Sian Proktor, 29 yoshli Xeyli Arseno va 42 yoshli Kris Sembroski Resilience (Chidamlilik) nomi berilgan oppoq Crew Dragon kapsulasida fazoga uchdilar. Isaakman u bilan uchgan ekipaj a’zolarini onlayn tanlov orqali o‘zi tanlagan.

Kapsulani fazoga ikki bosqichli va qayta ishlatish mumkin bo‘lgan Falcon 9 raketasi olib chiqdi.

Odatiy ulanish lyuki o‘rniga maxsus kuzatuv gumbazi bilan jihozlangan Crew Dragon mahalliy vaqt bilan soat 20:03 da ko‘tarilgan va qariyb 10 minut o‘tgach, Yer orbitasiga chiqqan.

Raketaning birinchi bosqich kuchaytirgichi kosmik kemaning ikkimchi yarmidan ajralib, Yerga qaytgan va Atlantika okeanida suzib yurgan qo‘nish platformasiga muammosiz qo‘ngan.

Kosmik kema Yerdan qariyb 200 kam balandlikka ko‘tarilganida, Isaakman bayonot o‘qib, sayohatni amalga oshirganlarga minnatdorchilik izhor qildi.

Uch soatdan keyin kapsula 585 km balandlikdagi maksimal orbitaga ko‘tarilgan.

Bu Xalqaro fazo stansiyasi yoki Hubble teleskopidan ham uzoqroqdir. Qolaversa, NASAning 1972 - yilgi Apollon Oy dasturi tugaganidan beri hech bir inson Yerdan bu qadar uzoqlashmagan edi.

Maksimal balandlikda Crew Dragon Yerni 90 daqiqada bir marta aylana boshlagan. Ya’ni, uning tezligi soatiga 27 360 kmga chiqqan. Bu tovush tezligidan 22 barobarga tezdir.

Missiya vakillarining aytishicha, havaskor fazogirlardan iborat ekipaj missiyasi taxminan uch kun davom etadi.

Bu bilan SpaceX asoschisi Ilon Mask o‘zining yangi orbital sayyohlik biznesini yo‘lga qo‘ydi. Mask katta pul evaziga fazoga parvoz qilish xizmatini yo‘lga qo‘yishga urinayotgan boshqa milliarderlar bilan raqobatlashib keladi.

O‘nlab yillar davomida AQShda kosmik parvozlar ustidan monopoliyani o‘rnatgan NASA raketada sayohat qilish tijoratlashtirila boshlaganini mamnuniyat bilan kutib oldi.

Chorshanba kuni parvoza arafasida kosmik agentlik Twitterda: «#Inspiration4 xususiy kompaniyalar Yerning quyi orbitasiga yuk va odam tashishi mumkin bo‘lgan kelajak haqidagi tasavvurimizni aks ettiradi. Uchish uchun ko‘proq imkoniyatlar = fan uchun ko‘proq imkoniyatlardir», deb yozdi.

Isaakman o‘zi va uch sherigi uchun milliarder Maskka oshkor qilinmagan summani to‘lagan. Time jurnali hisoblariga ko‘ra, to‘rtta o‘rindiq uchun chiptalar narxi 200 million dollarga yetib boradi.

#Inspiration4 deb nomlangan missiya Isaakman tomonidan birinchi navbatda Tennessi shtatining Memfis shahridagi bolalar saraton kasalligi markaziga mablag‘ to‘plash va markaz haqida ko‘proq odamga ma’lumot berish maqsadida o‘ylab topilgan.

SpaceX shirkatining raqobatchilari Virgin Galactic Holdings Inc hamda Blue Origin kompaniyalari ham shu yozda o‘zlarining shaxsiy fazoga uchish xizmatlarini ochdi. Ularning rahbarlari, milliarderlar Richard Branson va Jeff Bezos parvozlarda shaxsan qatnashdilar.

Ammo bu parvozlar #Inspiration4 parvozi oldida ip esha olmaydi.

SpaceX allaqachon eng muvaffaqiyatli tijoriy raketa korxonalaridan biriga aylangan. Shirkat bugunga qadar NASA uchun Xalqaro fazo stansiyasiga ko‘plab yuk va fazogir uchirdi. Ayni damda shirkatning ikkita Dragon kapsulasi stansiyaga ulangan.

#Inspiration4 ekipaji parvozida deyarli hech qanday rol o‘ynamaydi. Kemani yerdagi jamoalar hamda kema bortidagi avtomatlashtirilgan tizimlar boshqaradi. Shunday bo‘lsa-da, ekipajning ikkita a’zosi litsenziyaga ega uchuvchidir.

Tijorat va harbiy samolyotlarda uchish huquqiga ega bo‘lgan Isaakman missiya «qo‘mondoni» vazifasini o‘z zimmasiga olgan, geolog va NASA fazogiriga sobiq nomzod Proktor esa «uchuvchi» etib tayinlangan.

Arseno ekipajni «bosh tibbiyot xodimi» etib tayinlangan. Suyak saratonidan omon qolgan Arseno ayni damda yuqorida tilga olingan shifoxonada shifokor yordamchisidir. AQSh Harbiy-havo kuchlari faxriysi va aerokosmik ma’lumotlar muhandisi Sembroski esa missiya «mutaxassisi etib tayinlangan.

To‘rtala ekipaj a’zosi besh oy davomida intensiv tayyorgarlikdan o‘tgan.

#Inspiration4 rasmiylarining aytishicha, missiya faqat ko‘ngilochar sayohat emas.

Ekipaj a’zolari orbitada «Yerda va kelajakda kosmik parvozlar paytida inson salomatligi uchun amalda qo‘llash mumkin bo‘lgan» bir qator tibbiy tajribalarni o‘tkazadilar. Shuningdek, ekipaj a’zolaridan parvozdan oldin, parvoz paytida va undan keyin biotibbiy ma’lumotlar va biologik namunalar olinadi.

Arsenoga tibbiy tajribalarni nazorat qilish vazifasi yuklangan. SpaceX ma’lumotlariga ko‘ra, u fazoga uchgan eng yosh amerikalikdir. Qolaversa, Arseno bugunga qadar Yer orbitasiga chiqqan 550 odam orasidan ham eng yoshidir.

XS
SM
MD
LG