Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:23

Sud “prezidentni haqorat qilgan” va “separatistik” izohlar yozgan qoraqalpog‘istonlik ayol ozodligini 3,5 yilga chekladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistondagi sud prezidentni haqorat qilganlik (Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi) va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ma’lumotni tarqatganlikda (JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi) ayblangan qoraqalpog‘istonlik Damejan Yesenovaga nisbatan uch yil-u olti oyga ozodlikni cheklash jazosi tayin qilgan. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Turkmaniston Xelsinki fondi ma’lumot tarqatdi.

Yesenova 2024-yilning yanvar oyida qo‘lga olingan. Hukm Qo‘ng‘irot tuman sudi tomonidan 10-iyundayoq chiqarilgan, biroq huquq faollari bundan endigina xabar topishgan.

Tergov taxminiga ko‘ra, Yesenova “Asilbek Taxirov” degan profildan foydalangan holda, YouTube tarmog‘ida Qoraqalpog‘istonga aloqador turli videomateriallarni kuzatib borgan. U, ekspertiza fikricha, mazkur videomateriallar ostida “separatistik xarakterdagi”, “jamoat tinchligini buzuvchi” va O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqorat qiluvchi izohlar qoldirgan.

Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida norozilik namoyishlari Konstitutsiyaga o‘zgartishlar loyihasi tufayli 2022-yil 1-iyulida boshlangan. Bunga Konstitutsiyadan Qoraqalpog‘iston suverenitetiga oid modda olib tashlanishi to‘g‘risidagi taklif sabab bo‘lgan.

Ikkinchi iyul kuni Nukusga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev borib, “agar qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa”, Konstitutsiyaning respublika muxtoriyatiga taalluqli moddalarini o‘zgartirmaslikka va’da bergan. Bir necha kundan keyin O‘zbekiston parlamenti Konstitutsiyaning yangi loyihasida Qoraqalpog‘istonning suverenitet maqomini saqlab qolish haqida qaror qabul qilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yil iyulidagi tartibsizliklarda kamida 18 kishi qurbon bo‘lgan. Bundan tashqari, tartibsizliklar chog‘ida huquq-tartibot idoralarining 38 nafar xodimi doxil 243 kishi jarohat olgan, namoyishchilardan 516 nafari qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Oliy sudi 2024-yil fevralida “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakatini “ekstremistik tashkilot” deb topgan hamda mamlakat hududida uning faoliyatini taqiqlagan. Harakat rahbari Aman Sagidullayev Nukusdagi norozilik chiqishlariga oid ish bo‘yicha sirtdan 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev esa sirtdan 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG