Namangan viloyati sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdurahmon Safoyev o‘zganing egaligida bo‘lgan kvartirani soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib, boshqa bir odamga sotib yuborgan bo‘lishi mumkin, deya xabar qildi “Kun.uz” nashri.
“Bu ehtiyojimizdan ortiqcha bo‘lgan uy edi. Doimiy yashamasak-da, yo‘limiz tushganida bir kun-yarim kun turib ketardik. Usta tushirib, ta’mirlayotgandik, boshqa odam “dokument” ko‘tarib keldi. Shunda bilib qoldik. Ushbu ishga aralashgan insonlarning hammasi javobgarlikka tortilyapti”, degan Namangan shahri Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan xonadonning haqiqiy egasi.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati Safoyevga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini bildirgan.
“Xizmat tekshiruvi xulosasi muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilish uchun Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuborilgan”, deyilgan rasmiy izohda.
Kengash matbuot xizmati tekshiruvda shikoyatchining vajlari tasdig‘ini topgan-topmaganiga aniqlik kiritmagan.
Ozodlik joriy yilning 25-iyul kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘tkazgan maxsus amaliyotda iqtisodiy ishlar bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi sudyasi S. A. fuqarodan 3000 dollar pora olayotganida ushlangani haqida xabar qilgandi. Hibsga olingan shaxs avvalroq “Ibratli sudya” mukofotiga sazovor bo‘lgan.