Tatariston muftiysi Komil Samigullin Ukrainadagi urush ishtirokchilari muayyan sharoitda Alloh tomonidan dini uchun qurbon bo‘lgan shahid o‘laroq qabul qilinib, jannatga kirishi mumkinligini qayd etdi.
“Agar askar imonli bo‘lib, o‘z uyi, o‘z oilasi va Vatanini himoya qilayotgan bo‘lsa, Alloh uni shahid o‘laroq qabul qiladi”, deya iqtibos keltirgan Biznes Online nashri Samigullin so‘zlaridan.
Muftiyga ko‘ra, rossiyalik harbiylar “adolatli urush” olib borishmoqda, chunki bu bilan ular Falastinga yordam berishyapti.
“Nimaga deganda, Ukrainaga yordam tufayli AQSH Isroilga kamroq pul sarflashga majbur bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan Samigullin.
Bu muftiy Komil Samigullinning ilk shov-shuvli bayonoti emas. Avvalroq Tatariston Musulmonlar diniy boshqarmasi raisi dunyoviy rasmiylar tomonidan hijobni taqiqlash masalasi muhokama etilayotganini keskin tanqid qilgan, Rossiya Konstitutsiyasiga “davlatni shakllantiruvchi millat” tushunchasi kiritilishiga qarshi chiqqan hamda rasmiylarni Maxachqal’a aeroportidagi yahudiylarga qarshi tartibsizlik ishtirokchilariga nisbatan marhamatli bo‘lishga chaqirgan edi.