Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:44

TikTok festivali bekor qilindi. Toshkent tiktokchilarni quchog‘iga olganidan "afsusda"


O‘tgan yil dekabrida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tiktokerchilar forumida qatnashgan va erkin fikrli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirgan edi. (Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati)
O‘tgan yil dekabrida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tiktokerchilar forumida qatnashgan va erkin fikrli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirgan edi. (Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati)

Rasmiy Toshkent xitoyliklarning “TikTok”iga yo‘l ochib berganidan afsusda, deb yozmoqda “Eurasianet” nashri.

O‘tgan hafta Rossiyaning “TikTok” yulduzlari ishtirokida o‘tishi kerak bo‘lgan Toshkentdagi kontsert bekor qilindi. Bu holat yoshlarning yangicha madaniyati tarafdorlarining hafsalasini pir qilgani aytiladi.

Eurasianet 25 - dekabr kuni poytaxtdagi yirik “Humo Arena”da bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan shouni bekor qilish haqidagi qarorni davlatning qaysi idorasi qabul qilgani hozircha noma’lum ekaniga e’tibor qaratgan.

Bu tadbir 6 - dekabr kuni iTicket.uz chiptalar agentligi tomonidan e’lon qilingan va ertasi kuni Madaniyat vazirligi chiqargan bayonotda ma’qullangan. Ammo vazirlik bu qarorga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib, mas’uliyatni Toshkent shahar hokimligi va Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklamoqda.

“TikTok festivali” deb nomlangan bu tadbirning o‘zi, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘q joydan paydo bo‘ldi.

“TikTok” foydalanuvchilari iyul oyida ushbu ilovaga kirishda muammolar bo‘layotgani haqida gapira boshlagandi. Chunki hukumat ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchi ma’lumotlari mahalliy bazalarda saqlanishi kerakligi haqida qonun qabul qilgan edi.

Ammo "O‘zbektelekom" qaysi ijtimoiy tarmoqni bloklashni o‘zi tanlay boshladi.

Tarmoqlarning bloklanishi

O‘zbekistonda ommabop “Telegram” ilovasi o‘tgan oy boshida ishlamay qolgan, biroq noroziliklar shovqini ko‘tarilgach, yana ochib qo‘yilgan edi.

Pekinda joylashgan “ByteDance” kompaniyasiga tegishli va har oyda milliard odam foydalanadigan “TikTok” platformasi ham bloklangan “Twitter” yoniga qo‘shildi.

O‘tgan yilning shu vaqtida Toshkentning ta’sirli hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tiktokerchi yoshlar forumida qatnashib, erkin fikrli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirgan edi. Vaholanki, bu yoshlar tayyorlaydigan videolar davlat ommaviy axborot vositalarida milliy mentalitetga zid xatti-harakat sifatida qoralanib keladi.

Shu yil 30 - iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev shoir Alisher Navoiy haykali oldida hazil video olgan yosh blogerning xatti‑harakatini qoralashi ortidan tiktokchilar rasmiylarning nazaridan qoldi.

“Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, o‘qituvchi va muallimlari, qolaversa mahalla-ko‘y, yoshlar bilan ishlaydigan mas’ul mutasaddilar qayerga qarayapti?” degan edi Mirziyoyev navbatdagi yoshlar forumida so‘zga chiqib.

Bloger Inomjon Pardayev ham, uning operatori ham 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan. Pardayev shoir Navoiy ustidan kulib, “butun O‘zbekistonni sharmanda qilganini” tan oldi.

“TikTok” bir necha kun ichida bloklandi.

Toshkentdagi tadbirda ishtirok etishi kerak bo‘lgan rossiyalik ijrochilar “TikTok”da nom qozongan bo‘lib, ular “Instagram” kabi boshqa platformalarga qaraganda “TikTok” da bir necha baravar ko‘proq obunachiga ega bo‘lgan musiqachilardir.

O‘zbekiston hukumati ushbu yosh toifasiga katta e’tibor qaratmoqda.

Madaniyat vazirligi bayonotida aytilishicha, festival “ma’naviy jihatdan yoshlar ongi va dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi”, an’anaviy madaniyat va tarbiyaga putur yetkazishi mumkin.

Lekin o‘zbeklar allaqachon senzurani chetlab o‘tishni boshlagan.

Yozgi bloklashlar VPN yuklab olishlar sonini ko‘paytirdi va “TikTok” bilan bog‘liq janjallar o‘sishda davom etdi.

Ulardan biri sentabr oyida dars paytida o‘quvchilarning kulib, so‘kinishayotgani tasvirlangan video bilan bog‘liq.

Parlamentdagi “Milliy tiklanish” partiyasi omma oldida kechirim so‘rashga majbur bo‘lgan o‘quvchi qizlarni qoralab, “TikTok”ni butunlay bloklashga chaqirdi. Partiya hukumatga buni qanday amalga oshirishi kerakligi haqida hech qanday taklif bermadi.

Qo‘shni Qozog‘istondagi tengdoshlari singari ko‘plab o‘zbek yoshlari ham “TikTok” orqali nom qozonmoqda.

20 yoshli Niso Mamedovaning 80 000 dan ortiq obunachisi bor, u feminizm, anime, sayohat va o‘qish haqida videolar tayyorlaydi. Meecklaygerk taxallusi bilan blog yurituvchi yana bir toshkentlik yosh boshqa tiktokchilar bilan suhbatda 60 000 ga yaqin obunachini to‘pladi.

Bu raqamlar asli o‘zbekistonlik va hozirda Rossiyada yashovchi Rahim Abramovning 13.3 million obunachisi oldida hech narsa. Uning musiqiy videolari musiqa va komediyani uyg‘unlashtirgan. U “Forbes” talqini bo‘yicha 2020 - yilda eng ko‘p haq to‘lanadigan rusiyzabon tiktokchilar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan.

Bunday muvaffaqiyat hikoyalari bilan “TikTok”ni O‘zbekistonda o‘chirib qo‘yish juda qiyin vazifaga o‘xshaydi, deya xulosa qilgan Eurasianet.

XS
SM
MD
LG