Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:40

Tojikiston: Prezident Rahmonning jiyanlari mamlakat sog‘liqni saqlash vazirini do‘pposladi


Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning uch jiyani vrachlar va mulozimlarni, jumladan sog‘liqni saqlash vazirini shafqatsizlarcha do‘pposladi. Ozodlikning tojik xizmati manbalariga ko‘ra, voqea 20 - iyul kuni kechqurun, Tojikiston rahbarining tug‘ishgan singlisi Qurbonbibi Rahmonova COVID-19 dan vafot etganidan keyinoq yuz bergan.

Do‘pposlash natijasida Tojikiston sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri Jamoliddin Abdullozoda hamda prezident ijroiya apparati huzuridagi Tibbiy markaz rahbari Xolmahmad Rahimzoda jiddiy jarohat olgan, deya qayd etishdi IIV va SSVdagi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan manbalar.

Rasmiylar Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining kaltaklanishi haqidagi ma’lumot bo‘yicha izoh bergani yo‘q.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning tug‘ishgan singlisi — 64 yoshli Qurbonbibi Rahmonova 20 - iyul kuni qazo qildi. Xabar qilinishicha, u koronavirus bilan kasallanib, Tojikiston prezidentining ijroiya apparati huzuridagi Tibbiy markazga yotqizilgan.

Manbalarga ko‘ra, Tojikiston rahbarining tug‘ishgan singlisini davolash uchun Germaniya, Rossiya va O‘zbekistondan tajribali mutaxassislar chaqirilgan.

Ozodlik manbalarining ma’lum qilishicha, prezident singlisining o‘limidan ikki soat oldin xorijlik mutaxassislar tojikistonlik vrachlarning bemorni davolash usulini noto‘g‘ri, deb topishgan. “Bu xulosani eshitib, Qurbonbibi Rahmonovaning o‘g‘illari Faxriddin, Farrux va Ziyodali Safarovlar qattiq g‘azablanishdi va onalari vafot etishi bilan shifokorlarga va o‘sha yerdagi tibbiyot sohasi mulozimlariga tashlanishdi. Ularni prezidentning o‘g‘li Rustam Imomaligina tinchlantira oldi”, deya hikoya qiladi manba.

Do‘pposlanganlar orasida eng ko‘p sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda jabrlangani aytilmoqda: u jag‘idan qattiq zarba yegan, prezident ijroiya apparati huzuridagi Tibbiy markaz direktori Xolmahmad Rahimzoda esa boshidan shikastlangan, deya qo‘shimcha qildi Ozodlik manbasi. Boshqa vrachlar yengil jarohatlanishgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda vazirlikning matbuot anjumanida va Qo‘shma Shtatlar tomonidan Tojikistonga 1.5 million doza Moderna vaksinasi topshirilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etmadi.

SSV rahbarining o‘rinbosari Shodixon Jamshed 26 - iyul kuni jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida vazir Abdullozoda chet elga xizmat safariga ketganini aytdi. Vazirning kaltaklangani haqidagi savolga javoban u achchiqlanib: “Qayerdan olasizlar bunaqa mish-mishlarni?” degan.

Bu orada, manbalarimizga ko‘ra, Tojikiston IIV hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan, ammo hozircha hech kim qo‘lga olingani yo‘q.

Qurbonbibi Rahmonova o‘limining rasmiy sababi ma’lum qilinmadi. Prezident Rahmonning tug‘ishgan singlisi 21 - iyul kuni Dang‘arada dafn etildi. Ozodlik manbalari avvalroq Qurbonbibi Rahmonova koronavirusga chalingani haqida ma’lum qilishgan.

XS
SM
MD
LG