Линклар

Шошилинч хабар
27 май 2022, Тошкент вақти: 11:56

Tojikiston: Yuzlab talabalarni armiyaga chaqirishga “maxfiy buyruq berildi”


Tojikiston rasmiylarining aytishicha, yuzlab talabalar o‘z ixtiyori bilan armiyaga qo‘shilgan.

Tojikiston hukumati mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib turgan yuzlab talabalarga harbiy xizmatga borish uchun bosim o‘tkazmoqda va rad javobini berganlarga o‘qishdan haydab yuborish bilan tahdid qilmoqda, deydi talabalar va rasmiylar.

Tojikistonda harbiy xizmatchilarning bahorgi chaqiruvi davom etar ekan, ko‘plab yigitlar qurolli kuchlar safiga qo‘shilmaslikka harakat qilmoqda.

Tojikiston hukumati talabalar o‘z xohishi bilan harbiy xizmatga qo‘shilganini ta’kidlamoqda.

Televideniyeda muntazam oq ko‘ylak va qora shim kiygan yigitlar universitet binosida qisqacha nutq so‘zlaganidan so‘ng armiyaga ro‘yxatdan o‘tayotganini ko‘rsatuvchi lavhalar namoyish etilmoqda.

Ta’lim rasmiylarining aytishicha, bir yillik xizmatga ketayotgan yuzlab talabalar uchun yozgi imtihonlarni ertaroq o‘tkazish rejalangan. 6-may kuni mahalliy rasmiylar Boxtar shahrida 120 nafar talaba harbiy xizmatga qo‘shilgani aytilmoqda.

Ammo bir qancha talabalar Ozodlik bilan suhbatda ularni “majburan” armiyaga jo‘natishayotganini aytishdi. Ularning ta’kidlashicha, universitet ma’muriyati har bir talabaga armiya xizmati uchun yozma ariza nusxasini berib, imzo qo‘yishni talab qilgan.

Tojikiston davlat televideniyesidagi talabalarning armiyaga o‘z xohishi boorish haqidagi nutqi tasvirlangan lavha.
Tojikiston davlat televideniyesidagi talabalarning armiyaga o‘z xohishi boorish haqidagi nutqi tasvirlangan lavha.

Tojikistondagi “Fuqaro erkinliklari idorasi” inson huquqlari tashkiloti Xo‘jand davlat universiteti talabalaridan armiyaga borish talab qilingani haqida ko‘plab shikoyatlar tushganini aytdi. – Bu huquq-tartibot idoralari va viloyat harbiy chaqiruv punktidagi muayyan vakillarning ishi, – deydi guruh rahbari Dilrabo Samadova.

Tojikiston oliy o‘quv yurtlarining aksariyatida talabalar diplom olish uchun besh yil o‘qishadi. Aytilishicha, rasmiylar birinchi navbatda tez orada o‘qishni bitirishi kutilayotgan to‘rtinchi va beshinchi kurs talabalarini nishonga olgan.

Tojikiston milliy armiyasi saflarini 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar bilan to‘ldirish uchun ikki bosqichda - bahor va kuzda - harbiy xizmatga chaqiruv o‘tkaziladi. Qonunga ko‘ra, talabalar va universitet bitiruvchilari chaqiruvdan ozod qilingan.

Janubdagi Xatlon viloyatidagi manbalarning Ozodlikka aytishicha, mahalliy hukumat mintaqadagi oltita katta universitetga joriy chaqiruvda 900 ga yaqin talabani harbiy xizmatga yozdirish bo‘yicha “yashirin” buyruq bergan.

Anonimlik asosida gapirgan mahalliy mulozimning aytishicha, bu masala 4-may kuni viloyat hukumati yig‘ilishida muhokama qilingan va ma’qullangan.

Unga ko‘ra, Boxtardagi eng katta universitetdan 300 nafar talaba, Dang‘ara va Ko‘lob shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlaridan mos ravishda 250 va 150 nafardan talaba harbiy xizmatga chaqirilishi kerakligi aytilgan. Levakand universiteti armiyaga 89 nafar ko‘ngilli topishi kerak, Xatlon tibbiyot bilim yurti va Ko‘lob texnologiya maktabiga mos ravishda 60 va 65 nafar ko‘ngilli olib kelishga buyruq berildi, deya ma’lum qildi rasmiy.

Xatlondagi bir necha universitet mulozimlari shunday ko‘rsatma berilganini va buni bajarish uchun bosim ostida qolishganini tasdiqladi. Ular “ko‘ngillilar” yetishmagani bois universitet talabalarini armiyaga majburlashiga to‘g‘ri kelganini tan olishdi.

“Bir oyog‘imiz chaqiruv punktida, ikkinchi oyog‘imiz universitetda bo‘lib, bu ko‘rsatmani bajarishga harakat qilib, o‘z ishimizni qilishga vaqt qolmadi”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan amaldorlardan biri.

Ayni paytda Dushanbe rasmiylari talabalarning majburiy harbiy xizmatga jalb qilingani haqidagi iddaolarni rad etdi. Ta’lim vazirligi talabalardan bunday shikoyatlar kelib tushmaganini aytdi.

Armiya yoshidagi ko‘plab tojikistonliklar chaqiruv mavsumida harbiy xizmatga tushmaslik uchun mamlakatni tark etishadi. Ular odatda Rossiyaga mehnat muhojirlari sifatida yo’l oladi.

Askarlar va ota-onalarning aytishicha, armiyadagi keng tarqalgan zo‘ravonlik va yangi chaqiriluvchilarni qo‘rqitilishi - ko‘pchilik harbiy xizmatdan qochishining asosiy sabablaridan biridir.

Ko‘ngilli ravishda armiyaga borgan Shahbol Mirzoyev armiya feldsheri tomonidan ayovsiz kaltaklangani oqibatida olgan jarohatlaridan vafot etgan.
Ko‘ngilli ravishda armiyaga borgan Shahbol Mirzoyev armiya feldsheri tomonidan ayovsiz kaltaklangani oqibatida olgan jarohatlaridan vafot etgan.

2014-yilda Tojikiston armiyasidagi "dedovshchina" qurboni bo‘lgan 22 yoshli Shahbol Mirzoyevning taqdiri ko‘pchilikni larzaga solgan edi.

Mirzoyev Tojikiston Milliy universitetini tamomlagach, o‘z xohishi bilan harbiy xizmatga borgan.

Uning ota-onasi o‘g‘lini davolatish uchun bor-budini sotib Rossiyaga olib borgan. Ammo, Mirzoyev tuzalmagan va oradan 7 yil o‘tib vafot etdi.

Tojikiston hukumati o‘shandan beri armiyadagi bezorilik holatlariga qarshi kurashish uchun kazarmalarga kameralar o‘rnatib, jinoyatchilarni jazolash orqali chora ko‘rganini aytdi.

XS
SM
MD
LG