Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:47

Tojikiston sobiq mahkumalarni O‘zbekistonga topshirdi


Komila Mahkamova Tojikistonda qamalib, yaqinda avf qilingan olti nafar o‘zbekistonlik ayolning biridir.
Komila Mahkamova Tojikistonda qamalib, yaqinda avf qilingan olti nafar o‘zbekistonlik ayolning biridir.
Tojikistondagi Norak qamoqxonasidan ozod etilgan o‘zbekistonliklar 24 avgust kuni o‘z yurtiga qaytarib yuborildi.

“Avf to‘g‘risidagi qonun” amalga tatbiq etilishi ortidan Tojikiston janubida joylashgan Norak ayollar qamoqxonasidan 23 avgust kuni ozodlikka chiqqan 112 mahkumaning olti nafari O‘zbekistonning turli viloyat va tumanlari fuqarosi edi.

Bu ayollardan besh nafari chegarani noqonuniy buzgani va yana biri esa tilla buyumlar kontrabandasi uchun qamalgan ekan.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tomonidan avf etilgan o‘zbek ayollaridan ba‘zilari muxbiringiz bilan suhbatda o‘z yurtiga qaytishni istamayotganlarini aytdi.

- Qaytmoqchi emasman O‘zbekistonga. Qolmoqchiman shu yerda yashash uchun, u yerda menga muammo bo‘ladi. Chunki u yerda mening hech kimim yo‘q. Ota-onam Rossiyada, hech kimim yo‘q, - dedi o‘tgan yili chegarani noqonuniy buzganlikda ayblanib, ikki yilga qamalgan sirdaryolik Komilaxon Mahkamova.

Boshqa suhbatdoshimiz olti farzandning onasi Safargul ham yurtiga qaytish niyatida emasligini aytdi.

- Bizga ozodlik berdi, rahmimizni yedi, prezidentlariga rahmat. Endi iltimos qilamanki, Tojikistonda qolsam, umrimning qolganini shu yerda o‘tkazsam. O‘z yurtimga borishni xohlamayman, shu yerda qolishni xohlayman, - deya bir necha marta takrorlagan bo‘kalik Safargul o‘z qarorini oilasi tomonidan zo‘rovonlikka uchrashi mumkinligi bilan izohladi.

O‘zbekistonning Bekobod tumanida yashagan 35 yoshli Farida Toshboyeva ham ortga qaytmoqchi emas. O‘zaro suhbatda ikki farzandning onasi bo‘lgan Faridaxon O‘zbekistonda mahalliy huquq-tartibot idoralari tazyiqiga uchrashidan qo‘rqishini aytdi.

Farida Toshboyevaning aytishicha, u o‘tgan yili Tojikiston Jinoyat kodeksining 244-moddasi yoki tilla buyumlar kontrabandasida ayblanib, to‘rt yilga qamalgan.

O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi rasmiysi Zafarjon Rahimjonov xorijiy fuqarolarni o‘z yurtiga qaytarish borasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida imzolagan shartnomaga muvofiq, ozodlikka chiqarilgan o‘zbekistonlik fuqarolarning hammasi yurtiga qaytarilishi shartligini ma‘lum qildi.

- Bular chegarada topshiriladi, u yerda kutib olishadi. Keyinchalik hujjatlarini qonuniylashtirib, ortga qaytishlari mumkin. O‘shandan keyin fuqarolik oladimi, turmushga chiqadimi - u o‘zining ishi. Lekin qamalib chiqqandan keyin ular albatta ortga qaytarilishi kerak, - der ekan o‘zbek diplomati Rahimjonov o‘zbekistonlik fuqarolar ko‘pincha chegara qoidalarini buzgani uchun Tojikiston mahkamalariga tortilayotganini qo‘shimcha qildi.

Prezident Imomali Rahmon tomonidan avf etilgan bekobodlik Rohila Sultonova o‘tgan yili tijorat qilish maqsadida So‘g‘d viloyatiga o‘tganining ikkinchi kuni xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan va ikki yilga kesilgan.

40 yoshli Rohilaxon o‘zi bilmagan holda jinoyatga qo‘l urganini aytadi.

- Tovarga keldik, olib chiqib ketayotgan vaqtimiz bizni KGB (Milliy xafvsizlik qo‘mitasi xodimlari demoqchi – tahr.) ushladi. Vizamiz yo‘q edi. Bilmasdan birov orqali “shu joyda tovar bor” desa, kelavyerganmiz so‘ramasdan-bilmasdan. Bilganimizda shu ishni qilarmidik, bilmaganmiz-da, - deydi Rohila Sultonova.

Bekobodlik Rohilaxon boshqa yurtdoshlaridan farqli ravishda O‘zbekistonga qaytib ketish istagini bildirdi.

O‘tgan yetti oy Norak ayollar qamoqxonasida saqlangan Rohila Sultonova O‘zbekistondagi ishsizlik, ijtimoiy va iqtisodiy og‘ir ahvol ko‘pchilik yurtdoshlarini mintaqa mamlakatlari, jumladan, qo‘shni Tojikiston bozorlarida tijorat bilan shug‘ullanishga majbur qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Ammo o‘zbekistonlik sobiq mahkumalar bilan suhbat davomida ularning ayrimlari Tojikistonga boshqa maqsadlarda o‘tganlari yoki olib kelinganlarini ma‘lum bo‘ldi.

Ismi sir qolishini so‘ragan Sirdaryo viloyatining Shirin shahri fuqarosi aldov yo‘li bilan Tojikistonga kelib qolganini aytdi.

- Yoshlik qilib, bir-ikkitasining gapiga kirib, o‘tgan edim bu yoqqa. Yoshligimda aldab olib kelishdi. O‘zimning o‘rtoqlarim qilishdi. Ikkinchi bu ishlarni qilishni istamayman, ota-onamning gapiga kirib, to‘g‘ri yo‘lda yuraman, - deydi bir yil qamoqda o‘tirgan 20 yoshli sirdaryolik suhbatdoshimiz.

Ozodlikka chiqqan olti nafar o‘zbekistonlik ayolning uch nafari vataniga qaytishni istamaganiga qaramay, bugun kunning ikkinchi yarmida ma‘lum bo‘lishicha, ularning hammasi o‘z yurtiga qaytarib yuborilgan. Bu borada Ozodlikka Tojikiston Adliya vazirligining qamoqxonalarini nazorat qilish boshqarmasi rasmiylari ma‘lum qildi.

Mazkur idora rasmiysi Nuriddin Rahmonovning gapiga ishonadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi Tojikiston hukumatidan o‘zbek fuqarolariga boshpana bermaslikni so‘ragan va ular shu asosda qo‘shni mamlakat rasmiylariga topshirilgan.
XS
SM
MD
LG