Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:49

Tojikistonda o‘zbeklar jamiyati qad rostladi


Shu yilning 25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Muharrama Mirzoaliyeva Tojikistondagi O‘zbeklar jamiyatining yangi raisasi etib saylandi.
Shu yilning 25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Muharrama Mirzoaliyeva Tojikistondagi O‘zbeklar jamiyatining yangi raisasi etib saylandi.
Uzoq yillik karaxtlikdan so‘ng Tojikistondagi o‘zbeklar jamiyati qayta ish boshladi.
Tojikistondagi ko‘p millionlik o‘zbeklar ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, qolavyersa, siyosiy muammolarini hal qilish bu safar ayol kishi zimmasiga yuklatildi.

- Jamiyatni tiklab, o‘zbeklar turmushini, huquqini, ish joylarini hal qilamiz, yordam beramiz. Dehqon xo‘jaliklarini ko‘taramiz, Xudo xohlasa. Tanimda jonim bor ekan, bu ishonchni oqlab, xalqqa xizmat qilaman, - dedi 25 iyun kuni O‘zbeklar jamiyatiga rahbari etib tayinlangan Muharrama Mirzoaliyeva.

Choyxonada o‘tgan yig‘in

O‘zbeklar jamiyatining hayot barcha jabhasidagi faoliyatini qayta tiklash borasidagi yangi qaror norasmiy muhitda qabul qilindi.

Gap shundaki, o‘zbeklar jamiyatining navbatdagi yig‘ilishi 25 iyun kuni Tojikiston prezidenti huzuridagi “Sharq” nashriyotida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Jamiyat faollari buning uchun avvalroq rasmiy ruxsat olgan bo‘lsa-da, biroq to‘planganlar bino ichkarisiga kiritilmadi.

Buni rasmiylar Vahdat (Milliy yarashuv kuni) bayrami munosabati bilan har qanday tadbirlar, majlislar o‘tkazish ma‘n qilingani bilan izohladi.

Shundan so‘ng majlis aholisining aksar qismi o‘zbeklar bo‘lgan Rudakiy tumaniga qarashli Rossiya kolxozidagi “Chinor” choyxonasiga ko‘chirildi.

Tarixga nazar

Tojikistondagi o‘zbeklar jamiyati o‘tgan asrning 90-yillari boshida tashkil topgan edi.

1991 yil Dushanbe shahrida jamiyat tashkil topishi munosabati bilan o‘tkazilgan katta tadbirda Tojikiston rasmiylari bilan birga O‘zbekiston hukumatidan ham vakillar qatnashgan edi.

- Konfrensiyaga O‘zbekiston televideniyesi, matbuotidan vakillar kelgan edi. O‘shandan keyin O‘zbekiston televideniyesida tojik bo‘limi ochildi. O‘zbekistondagi ko‘plab gazetalar bilan qo‘shma son chiqarilgandi, - deydi o‘zbek jamiyati faollaridan biri Ne‘matullo Mamasaidov o‘sha tadbirni xotirlar ekan.

“Biroq, - deydi u, - yillar o‘tib nimagadir o‘zbek jamiyatining qadr-qimmati tushib ketdi”.

Ayrimlar taxminicha, bunga Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muhit sabab bo‘lgan.

Lekin, jamiyat faollaridan biri Baxtiyor Mo‘minov mulohazasicha, o‘zbeklar jamiyatining obro‘sizlanishi va keyinchalik susayib ketishiga uning sobiq rahbari Jahongir Ro‘ziyevning noqonuniy hatti-harakatlari turtki bo‘lgan.

- Ro‘ziyev jamiyatimizga emas, o‘zbek millatiga xiyonat qildi. Shu tufayli bizning obro‘miz to‘kildi. U juda ko‘p jinoyatlar qilgan ekan, qonunga binoan jazolandi va shu tufayli u odam bizning safimizdan ketdi, - deydi Mo‘minov janoblari.

Majlis ishtirokchilari ayniqsa 2006 yildan keyin Tojikistondagi o‘zbeklar jamiyatining amaliy faoliyati mutlaqo sezilmay qolganini qayd etdilar.

Jamiyatmi, madaniy markaz?

Jamiyatning obro‘sini va avvalgi shuhratini qayta tiklash atrofidagi turli mulohazalar avvalda bo‘lgani kabi kechagi yig‘inda ham aytildi.

- Biz tub joyli o‘zbeklarmiz, nega endi jamiyat tuzar ekanmiz? Qonunimizda: “Har bir xalq (millat demoqchi – tahr.) o‘zining ma‘naviy xazinasini saqlash uchun madaniy markaz tashkil qilish huquqiga ega”, deyilgan. Biz jamiyatning nomini o‘zgartirib, o‘zbeklar madaniy markazini tashkil qilishimiz kerak, - der ekan Jumanazar Hasanov “tojik rasmiylarini cho‘chitayotgan narsa ham o‘zbeklarning jamiyat nomini madaniy markazga almashtirmaganlarida, deb biladi.

Biroq o‘zbeklar haq-huquqlarini himoyalash uchun shunday bir siyosiy tashkilot zarur, degan fikrlar ham bildirildi.

- Nimaga ayrimlar millatini boshqa millat nomiga yozayapti, yaxshi-yaxshi jurnallarimiz to‘xtab qoldi. Bularni o‘rganish uchun, bularni tartibga solish uchun albatta jamiyat kerak va jamiyat ishlashi kerak. Demak, nomni o‘zgartirishda emas ekan ish. Mehnat qilish kerak, o‘sha xalqqa xizmat qilish kerak, - deydi jamiyat a‘zosi Muhammadjon Tursunov.

O‘zbeklar jamiyatining o‘z bayrog‘i bo‘ladi

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda tojikistonlik o‘zbeklarning ijtimoiy, iqtisodiy muammolari hukumat darajasida hal qilinmay qolayotgani yaqqol seziladi.

Ayni paytda o‘zbeklar jamiyatining qayta tiklanishi ko‘pchilikning quvonchiga sabab bo‘ldi.

- O‘zbeklar umuman o‘zligini yo‘qotib qo‘ygan edi. Hatto o‘zbek bo‘lganimizdan o‘zimiz ba‘zan pushaymon bo‘lgan vaqtlarimiz bo‘ldi. Umuman bir kalima tojik tilini bilmaydiganlar shahodatnomalarida millatini “tojik” qilib olishayapti. O‘zbek maktablari yo‘qolib ketayapti, - der ekan shoira Gulandom Yoqubova bugungi kunda jamiyatni jonlantirishga juda katta ehtiyoj sezilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbeklar jamiyatining kechagi qaroriga asosan o‘zbek jamiyatning o‘z bayrog‘i bo‘ladi.

O‘zbekning 92 urug‘i aks etgan bayroq ostida birlashgan tojikistonlik o‘zbeklar tojik xalqi bilan do‘stlik rishtasini mustahkamlash bilan birga ota-bobolari tarixi, urf-odati, madaniyatini rivojlantirish yo‘lida sa‘y-harakat qilishlari ta‘kidlandi.
XS
SM
MD
LG