O‘zbekiston rasmiy idoralari tojikistonlik jurnalist Shervon Umriddinning 5 yil davomida mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.
Jurnalist bundan joriy yil 7-sentyabr kuni “Sarazm” nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tayotganda xabar topgan. U qizini davolatish uchun Samarqandga bormoqchi bo‘lgan.
Ozodlik radiosi tojik xizmatiga “masala o‘rganilayotgan”ini ma’lum qilgan Tojikistonning Toshkentdagi elchixonasi boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi yoki chegara xizmati ham holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Shervoni Umriddinga ko‘ra, 7-sentyabr kuni o‘zbek chegarachilari nazorat punktida uni 3 soat davomida ushlab turishgan. Keyin esa Toshkent uni istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritgani ma’lum qilingan.
Jurnalistning taxminicha, Samarqand va Buxoroda tojik tili holati va faollar haqidagi uch videorolik tufayli O‘zbekistonda “qora ro‘yxat”ga tirkalgan bo‘lishi mumkin.
Umriddinning O‘zbekiston rasmiy idoralari, xususan, Dushanbedagi elchixonadan mamlakatga kiritilmagani yuzasidan yozma izoh olishga urinishlari besamar ketgan.
Tojik jurnalisti so‘nggi yillarda O‘zbekistonga besh marta safar qilgani, biror marta mamlakat qonunlarini buzmaganini aytadi.
O‘zbekistonni chorak asr mobaynida boshqargan Islom Karimov prezidentligi davrida Tojikiston fuqarolarining qo‘shni mamlakatga safar qilishi amrimahol edi. O‘zbekiston fuqarolari ham Tojikistonga sayohat qilishda viza muammolariga duch kelardi.
So‘nggi yillarda Toshkent va Dushanbe o‘rtasida bordi-keldi munosabatlari faollashgani, fuqarolarning kirish-chiqishi osonlashgani aytiladi.