“Tolibon” harakati tomonidan shakllantirilgan hukumat 2021-yilda Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib o‘tilgan uchoq va vertolyotlar bo‘yicha Vashington va Toshkent rasmiylari o‘rtasida tuzilgan bitimga e’tiroz bildirmoqda.
“Afg‘onistonning O‘zbekistondagi vertolyotlari va uchoqlari taqdiriga oid har qanaqa bitim maqbul emasdir”, deyilgan Afg‘oniston Islom amirligi Milliy mudofaa vazirligining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yoyinlangan bayonotida.
“Tolibon” vakillari iddaosicha, “Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistonga tegishli mulkni musodara qilishga va taqdimlashga haqqi yo‘q”.
Toliblar O‘zbekiston hukumatiga “bu kabi har qanday bitimdan tiyilish”ni, “yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini aks ettiruvchi oqilona qarorlar qabul qilish”ni hamda Afg‘oniston harbiy-havo kuchlariga qarashli uchoq va vetrolyotlarni Kobulga “qaytarib berishda hamkorlik qilish”ni “qat’iy tarzda” tavsiya qilishgan.
AQSH va O‘zbekiston rasmiylari “Tolibon” harakati 2021-yil avgustida Kobulni egallaganidan keyin Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchib o‘tgan harbiy uchoq va vertolyotlarning keyingi taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida avvalroq AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bildirgan edi.
Elchiga ko‘ra, tomonlar bu borada allaqachon qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshlashgan.
“Tolibon” harakati Kobulda hokimiyatni egallab olgan 2021-yilda afg‘onistonlik uchuvchilar mamlakatdagi uchoq va vertolyotlarning bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘shanda bortida 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy uchoq va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan edi.
“Tolibon” vakillari mazkur uchoq va vertolyotlar Afg‘oniston mulki ekani va ular qaytarilishi lozimligi haqida avval ham bir necha bor bayonot berishgan. Bunga javoban rasmiy Toshkent uchoq va vertolyotlar AQSH mulki ekani, ularni qaytarib bo‘lmasligini bildirib kelayotgandi. O‘zbek rasmiylarining bu bayonotini keyinroq amerikalik mutasaddilar ham tasdiqlashgan.