Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 20:02

Tomorqasi tortib olingan dehqonlar fermerni toshbo‘ron qildi: 6 kishi jarohatlandi, 4 mashina shikastlandi (VIDEO)


Mojaro payti shikastlangan mashinalardan biri. (IIV saytidan olingan surat)

17 - mart kuni Namangan viloyat, Kosonsoy tuman, Isparon qishlog‘ida yashovchi o‘nlab dehqon tomorqasi tortib olinganiga norozilik bildirib, bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i va uning ishchilarini toshbo‘ron qildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, norozilar fermer va uning besh ishchisiga tan jarohati yetkazgan.

Norozilar, shuningdek, fermerga tegishli to‘rtta mashinani ham toshbo‘ron qilib, ularga shikast yetkazgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, mazkur voqea yuzasidan ikki kishiga nisbatan “Bezorilik” moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Voqea 17 - mart kuni soat 12:30larda Isparon qishlog‘idagi O‘zbekiston mahallasida sodir bo‘lgan.

Ozodlikka voqea joyidan jo‘natilgan videolarda o‘nlab erkak va ayolning bir-biriga baqirib-chaqirayotgani ko‘rinadi. Shovqin balandligidan odamlarning nima haqda tortishayotganini anglash qiyin.

Video davomida yanayam kuchliroq shovqin eshitiladi va odamlarning hammasi shovqin kelgan tomonga yugurayotgani, ba’zilar qo‘liga yerdan tosh olgani ko‘rinadi, odamlarning “ur-ur” degan ovozlari eshtiladi. Ba’zilar shu atrofdagi uylar derazasini toshbo‘ron qilgani ham tasvirlarda aks etgan.

Boshqa bir videoda o‘nlab odamning bitta joyga to‘plangani, ular orasida o‘nga yaqin formali IIB xodimlari va harbiy kiyimlilar ham ko‘rinadi.

Voqea joyida “Tez yordam” mashinasi turgani va IIB xodimlari gapidan mashinada jarohatlanganlar borligi anglashiladi.

Yana bir videoda odamlarning bir-biri bilan tortishayotgani va ularni IIB xodimlari ajratishga urinayotgani ko‘rinadi.

Videolar bir nechta bo‘lakdan iborat bo‘lib, uzuq-uluq tasvirlar voqeani to‘la gavdalantirmaydi.

Косонсойдаги можаро: Деҳқонлар фермер ва унинг ишчиларини калтаклади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:42 0:00

Tafsilotlarni voqea joyida bo‘lgan kosonliklardan biri Ozodlikka gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, norozilik O‘zbekiston mahallasida yashovchi 30dan ziyod odamning tomorqasi tortib olingani sabab kelib chiqqan:

Toshbo‘ronda shikastlangan mashinalardan biri.
Toshbo‘ronda shikastlangan mashinalardan biri.

“Biz juda chekka qishloqda yashaymiz. Odamlar yillar davomida tashlandiq yerlarni o‘zlashtirib, tomorqa sifatida foydalanib, shu yerda dehqonchilik qilib kelishgan. Bog‘dorchilik xo‘jaligi boshlig‘i dehqonlarning yerlarini tortib ola boshladi. Joniga tekkan odamlar o‘sha kuni yig‘ilishib, fermerning dala shiyponiga bostirib borishdi. O‘zaro tortishuv janjalga aylanib ketdi. Jahli chiqqan odamlar dastlab fermerning dala shiyponini toshbo‘ron qilib, oynasini sindirishdi. Eshikni buzib kirib, ichkaridagi kompyuterlarini ham sindirishdi. Keyin fermerni va uning ishchilarini toshbo‘ron qilishdi. Fermer va uning ishchilarining mashinalarini ham toshbo‘ron qilishdi. Voqea joyiga IIB yetib kelgach, odamlar tinchlandi”.

Suhbatdoshning aytishicha, norozilik bildirgan dehqonlarning tomorqalari bog‘dorchilik xo‘jaligi hududida joylashgani sabab fermer bu yerlarni olishini aytgan:

"Odamlar fermer xo‘jaligi tashkil qilinishidan avval dalalar atrofidagi yerlarni o‘zlashtirib tomorqa qilgan. Bog‘dorchilik xo‘jaligi tashkil qilingach, fermer o‘zlashtirilgan yerlar ham uning xo‘jaligi hududiga kirishini aytib, tomorqalarni odamlardan tortib ola boshladi. Fermer o‘ziniki deb hisoblaydigan hududga odamlarning o‘tishini taqiqlab qo‘ydi".

Voqeadan ikki kun o‘tib, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti Isparon qishlog‘idagi mojaro bo‘yicha rasmiy bayonot e’lon qildi.

Bayonotda yozilishicha, Isparondagi mojaroda 50-60 nafar ayol va erkak ishtirok etgan. Mojaro oqibatida bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i va uning besh nafar ishchisi turli darajada tan jarohati olgan.

Shuningdek, norozilar “fermer xo‘jaligi ishchilariga tegishli bo‘lgan “Nexia-3”, “Niva”, “Hyundai”, “Mersedes-benz” rusumli avtomashinalari, “Samsung” rusumli ekskavator, fermer xo‘jaligining dala shiyponi oynalarini tosh bilan urib shikastlaganlar”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Mojaro payti shikastlangan mashinalardan biri.
Mojaro payti shikastlangan mashinalardan biri.

Rasmiy bayonotda ham mojaroga mahalla ahlining fermer (K.M) bilan"go‘yoki mahalladagi yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olayotganligini ro‘kach qilib, u bilan nizolashib" qolishi sabab bo‘lgani aytilgan.

Hozirda Kosonsoy tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi Isparondagi mojaro bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Mojaroda ishtirok etgan 24 yoshli va 34 yoshli ikki erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, “Jinoyat ishi doirasida barcha fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning har birining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi IIV bayonotida.

Isparondan olingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, mojaroda qatnashgan dehqonlar birin-ketin IIBga chaqirtirilib, so‘roq qilinmoqda.

Ozodlik bog‘dorchilik xo‘jaligi boshlig‘i, 55 yashar fermer K.M. (fermer va uning ishchilarining ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum. Biroq tergov davom etayotgani bois ular shaxsi ochiqlanmayapti) bilan 19 - mart kuni bog‘lanishga harakat qildi. Biroq fermerning mobil telefoni kun davomida o‘chiq bo‘lgani bois, u bilan voqea yuzasidan suhbatlasha olmadik.

Mojaroda ishtirok etgan dehqonlar ham tergov bo‘layotgani bois Ozodlik bilan suhbatlasha olmasliklarini aytishdi.

XS
SM
MD
LG