O‘zbekiston poytaxtining asosiy ko‘chalarida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 8-may kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlari harbiy bo‘linmalarining namoyishkorona piyoda yurishlari tashkil etiladi.
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ma’lumotiga ko‘ra, yurish uyushtirilishidan maqsad “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan barcha urush va frontorti mehnat faxriylariga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yurt himoyachilarining Vatanga sadoqatini namoyish etish hamda aholi, ayniqsa, yoshlarda faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirish”dan iborat.
Yurish chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:00 da “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidan boshlanishi aytilgan.
Unda harbiylarning “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi (Sag‘bon va Zarqaynar ko‘chalari orqali) – O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi – “Chorsu” bozori – Toshkent sirki (Zarqaynar ko‘chasi) – “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi (O‘zbekiston shoh ko‘chasi va Furqat ko‘chasi) – Magic City maydoni (Furqat ko‘chasi) yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanishi, Magic City maydonidagi to‘xtash nuqtasida esa Faxriy qorovul jamoasi va qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari, bo‘linmalarning jangovar chaqirig‘i, harbiy orkestr chiqishlari ijro etilishi kutilmoqda.