Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2021, Тошкент вақти: 00:17

Xalqaro jinoyat sudi: Ukraina sharqida urush jinoyatlari sodir etilgan


Xalqaro jinoyat sudining bosh prokurori Fatu Bensuda.

Xalqaro jinoyat sudining bosh prokurori Fatu Bensuda olti yilga cho‘zilgan dastlabki tergov Ukrainada harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilganini ko‘rsatgani, bu holat Gaagada joylashgan sudyalar tomonidan to‘liq tergov o‘tkazilishini talab qilishini aytdi.

Bensuda 11 - dekabr kuni e’lon qilgan bayonotda «ayni damda harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarga teng keladigan turli xatti-harakatlar sodir etilgan, deb hisoblash uchun yetarli asos bor», deyiladi.

2014 - yilning mart oyida Rossiya Qrim yarim orolini Ukrainadan anneksiya qilib oldi.

Moskvaning bu harakatidan oldin Rossiya bilan yaqindan aloqa qilish tarafdori bo‘lgan prezident Viktor Yanukovich Yevromaydon namoyishlari natijasida hokimiyatdan ag‘darilgan edi.

Rossiya, shuningdek, sharqiy Ukrainada rossiyaparast bo‘lginchilarni dastaklab keladi.

2014 - yildan beri Ukraina sharqidagi harbiy to‘qnashuvlar 13 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

Bensuda gumonlanuvchilarning ismini yoki taxmin qilinayotgan jinoyatlar tafsilotlarini ochiqlamadi. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki tergovda uchta jinoyat guruhi aniqlangan.

Bensuda bu uch guruh harbiy harakatlar davomida sodir etilgan jinoyatlar, hibsga olish paytida sodir etilgan jinoyatlar hamda Qrimda sodir etilgan jinoyatlar ekanini aytdi.

«Bundan tashqari, idoramiz mojaroda qatnashgan turli tomonlar sodir etgan ushbu jinoyatlar miqdoriy va sifat jihatdan idoramiz tomonidan tergov o‘tkazilishi uchun yetarlicha og‘ir ekanini aniqladi», - dedi u.

Ukraina Xalqaro jinoyat sudi a’zosi bo‘lmasa-da, 2014 - yilda jahon sudi tomonidan Yevromaydon namoyishchilariga qarshi tazyiqlar tergov qilinishiga rozi bo‘ldi va keyinroq sud Qrim va sharqiy Ukrainadagi mojarolarni ham tergov qilishi uchun uning vakolatlarini kengaytirdi.

Rossiya Xalqaro jinoyat sudiga a’zo emas va uning qarorlarini tan olmaydi.

Xalqaro jinoyat sudi a’zo davlatlarning ichki sudlari ko‘rib chiqmagan yoki ko‘rib chiqishga qodir bo‘lmagan ishlarni tergov qiladi.

Bensudaning aytishicha, keyingi qadam o‘laroq Xalqaro jinoyat sudi sudyalaridan to‘laqonli tergov boshlash so‘ralishi kerak.

Prokuror bu holat qachon amalga oshishi mumkinligini ochiqlamadi, ammo ayni damda sudning imkoniyatlari va resurslari cheklanganini ta’kidladi.

Ukraina prokurorning ushbu bildiruvini mamnuniyat bilan qabul qildi va uni «tarixiy qaror» deb atadi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dimitro Kuleba Twitterda «Xalqaro odil sudlovga tezda erishib bo‘lmaydi, ammo bu muqarrarligi shubhasiz. Bir kun kelib rossiyalik jinoyatchilar sud oldida javob berishadi», deb yozdi.

Rossiya Xalqaro jinoyat sudi bildiruvini hali izohlagan yo‘q. Moskva sharqiy Ukrainadagi mojaroga aloqadorligini rad etib keladi.

Xalqaro jinoyat sudi dunyodagi eng mudhish jinoyatlarni tergov qilish uchun 2002 - yilda tashkil etilgan.

XS
SM
MD
LG