Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:33

Xitoy rasmiylari turkiy xalqlar mutafakkiri Mahmud Koshg‘ariy haykalini olib tashladi


Mahmud Koshg‘ariy haykali Qashqar yaqinidagi O‘pal shahrida chetida joylashgan qabriston yonida o‘rnatilgan edi
Mahmud Koshg‘ariy haykali Qashqar yaqinidagi O‘pal shahrida chetida joylashgan qabriston yonida o‘rnatilgan edi

Ozod Osiyo radiosining xabar berishicha, uyg‘urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani rasmiylari turkiy dunyoning eng muhim olimlaridan biri Mahmud Koshg‘ariy haykalini olib tashlagan.

Ozod Osiyo radiosining Uyg‘ur xizmati sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayangan holda Koshg‘ariy haykali 2019 - yilning 28 - noyabridan keyin olib tashlanganini aniqladi.

XI asrda «Devonu lug‘otit turk» («Turkiy so‘zlar devoni») shoh asarini yozgan olimning yetti metrli haykali 1990 - yillar o‘rtasida Qashqar yaqinidagi O‘pal shahrida chetida joylashgan mozor yonida o‘rnatilgan edi.

1980 - yillardan boshlab xitoy olimlari Koshg‘ariy hayoti va ijodini o‘rganib, ilmiy maqolalarni chop etdi, Urumchi va Pekinda olimning ishiga bag‘ishlangan ko‘plab milliy va xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.

Koshg‘ariyning qabri 1980-yillarning boshlarida Shinjon Xalq hukumati tomonidan yangilandi. Buning ortidan maqbara muhofaza qilinadigan muhim madaniy maskan etib belgilandi va u mintaqaga mahalliy va xalqaro sayyohlarni jalb qila boshladi.

Ammo 2019 - yilda Shinjon universiteti jurnalida xitoy professor Gao Boning xitoy tilidagi «Turkiy tillar devoni muallifi va uning maqbarasi haqida shubha va mulohazalar» deb nomlangan maqolasi chop etildi. Maqolada Bo Koshg‘ariy haqidagi ko‘plab tarixiy da’volarni shubha ostiga oldi.

Xususan, Bo Koshg‘ariy hayoti haqidagi qarashlarga qarshi chiqib, uning uyg‘ur bo‘lgani yoki O‘palda yashaganini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar yo‘qligini iddao qildi. Aftidan, ushbu maqola nashr etilganidan bir necha oy o‘tgach, Koshg‘ariy haykali g‘oyib bo‘lgan.

Nafaqat uyg‘urlarning, balki barcha turkiy xalqlarning madaniy tarixida muhim o‘rin tutuvchi Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari bugungi kunda ham dunyo olimlari tomonidan havola qilinmoqda va o‘rganilmoqda. Uning mozori uyg‘urlar uchun muhim madaniy va muqaddas maskanga aylangan. 2010 - yilda Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li qabrni ziyorat qilgan edi.

Turkiyaning Izmir shahridagi Egey universiteti qoshidagi Turk dunyosini o‘rganish markazi professori Olimjon Inoyat haykal olib tashlanganini uyg‘urlar va barcha turkiy xalqlarga berilgan «qattiq zarba» deb atadi.

«Ular Mahmud Koshg‘ariy turkologiya va [turkiy] folklorning bobosi ekanligini biladilar. Shu ma’noda, Mahmud Koshg‘ariy turk dunyosining shon-sharafidir», - dedi olim Ozod Osiyo radiosiga bergan intervyusida.

«Mahmud Koshg‘ariy haykalining Xitoy hukumati tomonidan buzib tashlangani, bu – turk dunyosiga, barcha turkiy xalqlarga urush e’lon qilishga teng», - deya qo‘shimcha qildi olim. Inoyat turkiy diasporani Pekinga keskin javob qaytarishga chorladi.

Olim 1949 - yilda Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani tashkil qilinganidan beri Xitoy hukumati «uyg‘ur madaniyatiga muntazam ravishda hujum qilib, uyg‘ur xalqi va ularning ajdodlari o‘rtasidagi aloqalarni uzishga harakat qilib kelayotganini» qo‘shimcha qildi.

Ozod Osiyo radiosi qarorgohi Vashingtonda joylashgan Uyg‘ur inson huquqlari loyihasining tadqiqotlar bo‘yicha direktori Xenrik Shadzevski bilan ham suhbatlashdi. Shadzevski Pekinning uyg‘urlarga qarshi kampaniyasini XX asrdagi fashist tuzumlarining etnik guruhlarga qarshi repressiyalariga qiyosladi.

«O‘tmishda qirg‘in jarayonlariga qo‘l urgan har qanday hukumat – sovet yoki fashist hukumati bo‘ladimi, biror xalq va uning madaniyatini barbod qilish yoki butunlay yo‘q qilish bilan shug‘ullangan har qanday boshqa tuzum bo‘ladimi – intellektual hayotga hujumdan ish boshlagan», - dedi u.

O‘tgan yili Uyg‘ur inson huquqlari loyihasi birinchilardan bo‘lib Shinjonda Xitoy hukumati boshchiligida masjidlar va qabristonlar buzib tashlanayotgani haqida hisobot e’lon qilgan edi. Joriy yil boshida Avstraliya strategik siyosat instituti ushbu mavzuda yana bir yirik hisobotni e’lon qildi. Institut hisoblariga ko‘ra, 2016 - yildan beri mintaqadagi masjidlarning 35 foizi vayron qilingan.

Yuqorida tilga olingan ikki hisobot mualliflari hisoblariga ko‘ra, Shinjonda buzib tashlangan masjid, qabriston va boshqa muhim madaniy-diniy obidalar soni 15 mingdan yuqoridir.

XS
SM
MD
LG