Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:49

"Yangi Qozog‘iston": Toqayev xalqning ishonchini qozona oladimi?


2019 - yilning martida Qozog‘iston prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan Qasim-Jomart Toqayev birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning soyasida qolib kelgan.
2019 - yilning martida Qozog‘iston prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan Qasim-Jomart Toqayev birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning soyasida qolib kelgan.

Yanvar oyi boshlarida Qozog‘istondagi ommaviy tartibsizlik prezident Qasim-Jomart Toqayev hokimiyatini xavf ostiga qo‘ygan bo‘lsa, endilikda u iqtidorda sobit turganga o‘xshaydi. Biroq Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannier fikricha, Toqayevning lavozimda qolish uchun qabul qilgan qarorlari xalq nazarida uni obro‘sizlantiradi.

Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan 2019 - yilning martidan beri ko‘pchilik uni nomigagina rahbar deb bilar, mamlakatni hanuz uning salafi Nursulton Nazarboyev idora qilyapti, deb hisoblardi.

Yanvarь boshlarida Toqayev uning hokimiyatiga jiddiy tahdid solgan umummilliy norozilikni kuch bilan bostirdi, boz ustiga, namoyishlar Nazarboyev tarafdorlari uni ag‘darishga qasd qilgani to‘g‘risidagi taxminlar manzarasida kechayotgan edi.

Toqayev rasman prezident bo‘lganidan beri o‘tgan salkam uch yil davomida ayrim kuzatuvchilarda “u Nazarboyev soyasida qolib ketmaganida mamlakatni boshqacha idora qilgan bo‘larmidimi, yo‘qmi?” degan savol paydo bo‘ldi.

Hukumat mahkamalari Nazarboyevning qarindoshlari va tarafdorlaridan tozalanib, sobiq prezident qator muhim vakolatlaridan mahrum etilganidan so‘ng o‘zini ko‘rsatishi uchun Toqayevda imkoniyat mavjud. Biroq Toqayev hukumatining 2022 - yilning ilk haftalaridagi xatti-harakatlari xalqning unga ishonchiga tiklab bo‘lmas darajada putur yetkazgan bo‘lishi mumkin.

Namoyishchilarga ogohlantirishsiz o‘t ochish buyrug‘i

Yoqilg‘i narxi oshirilishiga qarshi Qozog‘iston g‘arbida 2 -yanvar kuni boshlangan norozilik chiqishlari hukumatga qarshi tinch umummilliy namoyishlarga aylanib ketdi. Biroq ayrim shaharlarda tashabbus noma’lum qurolli guruhlar qo‘liga o‘tib ketdi.

Bu Qozog‘istonda ayrimlar “Qonli yanvar” deb atayotgan voqealarning debochasi bo‘ldi.

Hukumat ilk namoyishlarga internetni o‘chirib qo‘yish, favqulodda holat va tungi vaqtlarda komendantlik soati joriy etish bilan javob berdi.

5 - yanvarga kelib Qozog‘istonning ayrim shaharlarida otishmalar sodir bo‘ldi, eng yirik shahar – Olmaotada esa ma’muriy binolarga o‘t qo‘yilib, do‘konlar talon-toroj qilindi.

Toqayev o‘sha kuni-yoq hukumatni iste’foga chiqarganini e’lon qildi.

7 - yanvar kuni u xalqqa murojaatida kuchishlatar idoralarga namoyishchilarga qarata ogohlantirishsiz tikka o‘t ochishga buyruq berganini aytdi.

O‘sha oqshom Olmaotada 73 yoshli Quat Bitkenboyev va uning xotini, 64 yashar Gulfiza Kulsultonovalar halok bo‘lishdi. Ular qarindoshlari ziyoratidan qaytayotgan bo‘lib, komendantlik soati kuchga kirgan tungi 23:00 da ham hali uylariga yetmagan edilar. Ularning avtomobili o‘qqa tutilgan, so‘ngra yonib ketgan edi.

Keksa er-xotinning fojiali o‘limi o‘sha kunlarda ro‘y bergan ko‘plab qayg‘uli voqealardan bittaginasi xolos.

Undan sal avvalroq Olmaotada Babaxon Jolbarisuli va uning qo‘shnisi chiqindini tashlab kelish uchun uylaridan chiqishganida uchta politsiya mashinasi yetib kelgan va harbiycha kiyingan odamlar sakrab tushib, ularga qarata o‘q uzishadi. Jolbarisxanuli yaralanadi va keyinroq jarohatdan vafot etadi.

Olmaotadan taxminan 225 chaqirim shimoli-sharqda joylashgan Toldiqo‘rg‘on shahrida 8 - yanvar kuni Nurbolat Seytqulov, uning xotini Altinoy Yetayeva hamda 15 yoshli qizi Nuray avtomobilda uyga qaytishayotganida go‘yo komendantlik soati boshlanish vaqti bir oz oldinga surilgani uchun otib tashlanadilar.

Olmaotalik arxeolog Yerlan Jagiparov 6 - yanvar kuni Respublika maydonida nimalar bo‘layotganini bilish uchun avtomobilda yo‘lga chiqadi. Soat sakkizlarga yaqin Yerlan do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, Milliy gvardiya askarlari uni qo‘lga olishganini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng, do‘stlari va yaqinlari harchand izlashmasin, undan darak topa olmaydilar.

12 - yanvar kuni Jagiparovning jasadi o‘likxonada ekanligidan voqif bo‘ladilar. Marhumning ukasi aytishicha, Yerlanning tanasida kaltak izlari qolgan, u hanuz kishanband holda, ko‘ksida esa o‘qdan qolgan jarohat bo‘lgan.

Bunaqa voqealar yuzaga chiqishi hamon davom etmoqdaki, bu namoyishlarni bostirish uchun tutilgan yo‘l naqadar shafqatsiz bo‘lganini ko‘rsatadi.

Hozircha rasmiylar tartibsizliklar chog‘ida 227 kishi qurbon bo‘lganini aytishmoqda. Birgina Olmaotada tinch aholidan 149 kishi va 11 nafar huquq-tartibot xodimi halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib 10 000 dan ziyod kishi ushlangan, ma’lum qilinishicha, bir necha yuz kishi hamon hibsda tutilmoqda.

Izolyatordan chiqarilganlarning aksari hibsda ularni qiynoqqa solishganini aytishmoqda. Jumladan, qirg‘iz jaz sozandasi Vikram Ro‘zaxunovni go‘yo hukumatga qarshi mitinglarda qatnashishi uchun pul taklif qilishganidan so‘ng Qozog‘istonga kelganligi haqida “videoiqrornoma” yozishga majbur etishgani o‘rtaga chiqdi.

“Iqror videosi” davlat televideniyesi orqali namoyish etildi ham, ammo Ro‘zaxunov ozodlikka chiqqach aytganidan tonib, hibsdaligida uni qattiq kaltaklashganini aytdi.

Boshqalar ham shunga o‘xshash sarguzashtlarni boshdan kechirganlarini aytishmoqda, chunonchi, faollar Aset Abishev va Quat Shomuratovda qiynoqlar tufayli miya chayqalishi ro‘y bergan.

Politsiya va kuchishlatar xodimlar kasalxonalarga kelib, yotib davolanayotganlar orasidan gumonlanuvchilarni topib, olib ketishgani haqida xabarlar bor. Ayrim hollarda bemorlar tibbiy amaliyotdan chiqishi bilan majburan olib ketilgan.

24 - yanvarda IIV vakili Nurdilda Oraz vazirlik yanvar voqealari davrida ushlanganlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganiga oid ettita ma’lumot yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotganini bildirdi.

“20 000 terrorchi”

Ogohlantirishsiz otishga buyruq berganini aytarkan, Toqaev ko‘chalarda avj olgan zo‘ravonlik chet elda yetishtirilgan “terrorchilar”ning ishi ekanligini iddao qilgan edi. Keyinroq bu ta’rif “ajnabiy terrorchilar” yoki yanada mujmal “qozoq tilida gapirmaydigan odamlar”ga almashdi. Shuningdek, prezident mamlakatda terrorchilik xavfining “qizil darajasi”ni e’lon qildi.

Toqayev, jumladan, qariyb 20 ming chog‘li bu “terrorchilar” Olmaotaning chekka hududlarida to‘planganini iddao qilib, bu tikka o‘t ochish uchun buyruq berishga asos bo‘lganini aytdi.

U o‘z iddaolarini bironta ham dalil bilan tasdiqlagani yo‘q. Ko‘plab namoyishchilar ularni terrorchi deb e’lon qilishganidan g‘azablanishdi va o‘z munosabatlarini bildirish maqsadida kichikroq norozilik aksiyalari o‘tkazishdi.

“Terrorchilar” tahdidi Toqayevning tartib-intizom o‘rnatishda yordam so‘rab rossiya rahbarligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) murojaat qilishi uchun ham rasmiy sabab o‘laroq xizmat qildi. Prezident ta’biricha, Qozog‘istonga tashqi kuchlar xavf solgan va uni daf qilish uchun dastak zarur bo‘lgan.

KXShT 30 yillik tarixida ilk marotaba a’zo mamlakatlardan biriga qo‘shin kiritishga rozilik berdi: asosan Rossiya harbiylaridan tarkib topgan 2-3 ming kishilik kontingent qariyb bir haftaga Qozog‘istonga yo‘llandi.

Ayrim tahlilchilar “KXShT kuchlari tartib o‘rnatish uchun emas, balki Nazarboyev tarafdorlari bilan joriy prezident o‘rtasida kechayotgan muhtamal urushda Kreml aynan Toqayevni dastaklashini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida, bir mujda sifatida yo‘llandi”, deb hisoblaydilar.

Biroq KXShT qo‘shinlari kiritilishi Qozog‘istonda juda ko‘pchilikka og‘ir botdi: fuqarolar Toqayevning bu ishini mamlakat suverenitetiga zarar, deya baholashdi.

Ortga nazar tashlar ekanmiz, 19 - yanvarga qadar Qozog‘istondan to‘liq chiqib ketgan bu ajnabiy harbiylar Toqayevga nega zarur bo‘lganini tushunishimiz qiyin.

Toqayev minglab terrorchilar haqida pisanda qilishni tezda bas qildi, boshqa rasmiy shaxslar esa yanvar voqealariga “buzg‘unchi kuchlar” aloqadorligini iddao qilishda davom etishayotgani bilan, bironta fakt yoki raqam keltirishgani yo‘q.

24 - yanvar holatiga mamlakat bo‘yicha 711 kishi hibsda qolmoqda va, aftidan, Qozog‘istonda minglab terrorchi hech qachon bo‘lmagan.

Xalq g‘azabiga nishon bo‘lganlarning jazosiz qolishi

G‘arbiy Qozog‘istonda boshlangan tinch norozilik butun mamlakatga yoyilgan paytda namoyishchilarning talablari faqat yoqilg‘i narxini pasaytirishdan iborat emasdi.

“Shal, ket!” (“Chol, ket!”) – Toqayev prezidentligining ilk kunlaridan beri norozilik chiqishlarining eng mashhur shiori bo‘lib qolgan. Yanvar mitinglarida ham hamma yoqda shu xitob yangradi.

“Chol” deganlari bu 81 yoshli sobiq prezident Nazarboyevdir, uning o‘zi “elboshi” deb ulug‘lashlarini xush ko‘radi.

2000-yillar boshida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar Qozog‘istonning birinchi prezidentiga u rasman iste’fo berganidan keyin ham eng muhim idora richaglarini saqlab qolish imkonini bergan bo‘lsa, qudratli Xavfsizlik kengashi raisining vakolatlari Nazarboyev prezident lavozimini uzil-kesil tark etib, ushbu organga rahbar bo‘lishi arafasida yanada kuchaytirildi.

Binobarin, mamlakat qanday boshqarilayotgani yoki Toqayev rasman prezident bo‘lganidan so‘ng uni kim idora qilayotganida ko‘pchilik hech qanday farq ko‘rmagani sababini tushunish oson.

Biroq “Chol, ket!” xitoblari nafaqat Nazarboyevga qarshi, balki u yaratgan va uning oila a’zolari va do‘stlarini milliarderlarga aylantirgan boshqaruv tizimiga ham qarshi qaratilgan edi.

Toqaev 5 - yanvar kuni Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan oldi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay Nazarboyevning uch kuyovi Qozog‘istonning yirik shirkatlari va tashkilotlaridagi muhim lavozimlardan birin-ketin olindi. Nazarboyevning jiyani Samat Abish milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi.

Shuningdek, Toqayev maxsus fond tashkil qilinishini e’lon qilib, Nazarboyev prezidentligi davrida katta boylik orttirganlar bu fondga mablag‘ o‘tkazishi lozimligini aytdi. Bu 30 yil davomida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini “emib kelganlar” topgan boyliklarining bir qismini qaytarish bilan qamoqdan qutulib qolishlari mumkinligiga ishoradir.

Elitalararo kurashda Toqayevning qo‘li baland kelganidan so‘ng Nazarboyev oilasi a’zolari moliyaviy talafot ko‘ra boshlagan esalar-da, ularga nisbatan tekshiruv-tergov bo‘lishi yoki uzoq yillardan beri xalq mulkini ochko‘zlarcha o‘zlashtirishgani uchun ularni javobgarlikka tortishlari mumkinligi haqida hech gap yo‘q.

20 yil muqaddam Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar amalda Nazarboyev yoki uning yaqin qarindoshlarini tergovga tortishni man etadi.

Nazarboyevning o‘zi Qozog‘iston tarixida ilk bor davlat lavozimidan mahrum bo‘ldi va 18 - yanvar kuni xalqqa murojaatida o‘zini “pensioner” deb atadi.

Voqealarning bu taxlit rivojlanishi Nazarboyevning izzat-nafsiga katta zarba bo‘lgani shubhasiz, biroq “elboshi” unga nisbat berilayotgan ulkan boyliklar va mulklar taftish qilinishidan yoki uning qo‘li bor deya taxmin qilinayotgan og‘ir jinoyatlar uchun qandaydir jazoga tortilishidan qo‘rqmasa ham bo‘ladi.

Yangi davr?

Shunday qilib Toqayev, nihoyat, Nazarboyevdan xalos bo‘ldi va, aftidan, prezident lavozimida o‘z boshqaruv yo‘nalishini belgilashga haqli.

Ammo u chinakam prezidentlikni huquq-tartibot idoralariga tartibni saqlash uchun mamlakat fuqarolariga qarshi har qanday kuchni ishga solishga ruxsat berish va o‘z siyosatini oqlash uchun soxta tahdid yaratishdan boshladi.

Qolaversa, tang ahvolda qolgan paytda qo‘shin yuborib, dastaklagani uchun u endi Kremldan qarzdor.

Va Toqayev, qozog‘istonliklar “bizni 30 yil aldashdi va talab kelishdi” deya ayblayotgan Nazarboyevlarni javobgarlikka tortadiganga sira o‘xshamaydi.

Boshqa tomonda – Toqayev prezident bo‘lganidan beri jamoatchilik talab qilib kelayotgan va hanuz o‘tkazilmagan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar ham bor.

Binobarin, yaqinda prezident hademay o‘zgarishlar boshlanishiga va’da bergan bo‘lsa-da, u yagona prezidentga aylangan dastlabki kunlar mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng mash’um palla o‘laroq xotiralarda hali uzoq saqlanadi.

XS
SM
MD
LG