Isroilning 31-iyul kuni HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) siyosiy rahbari Ismoil Haniyaning o‘limiga sabab bo‘lgan Tehronga hujumi ortidan, Eron Isroilga qasos zarbalarini berishga va’da berdi.
"Menimcha, biz birinchi marta potensial keng ko‘lamli mintaqaviy qarama-qarshilik tomon ketyapmiz", dedi Isroilda joylashgan Milliy xavfsizlikni o‘rganish instituti katta ilmiy xodimi Raz Zimmt.
Isroil hujumga mas’uliyatni bo‘yniga olgani yo‘q.
Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilga harbiy javob choralari ko‘rilishini va’da qilgan.
Haniyaga suiqasddan bir necha soat oldin Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Livandagi "Hizbulloh" oliy qo‘mondonini ham o‘ldirgani aytilgan.
Isroilning 30-iyul kungi havo hujumida Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi a’zosi ham halok bo‘lgan.
Eron va Isroil dastlab aprel oyida bir-birining hududlariga hujum uyushtirgan. Isroilning Damashdagi Eron konsulligini o‘qqa tutishiga javoban Eron 13- aprel kuni Isroil hududiga dron va raketalar bilan misli ko‘rilmagan hujumni amalga oshirgan.
Ekspertlarga ko‘ra, Eronning o‘sha hujumi Isroilning kelajakdagi hujumlarini oldini olishga qaratilgan edi.
Ammo yaqinda Haniyaning Eron tuprog‘ida o‘ldirilishiga fors davlati qattiqroq javob berishi kutilmoqda.
"Biz Isroilga qarshi ittifoqchilarning qo‘shma hujumini ko‘rishimiz ehtimoli yuqori. Bu vaziyatni ancha murakkablashtiradi, chunki Eron va Hizbulloh hujumining oqibatlari aprel oyidagidan ko‘ra yomonroq vaziyatni paydo qilishi mumkin. Bu bizni mintaqaviy mojaro ehtimoliga yaqinlashtiradi", deydi Zimmt.
Yaqin Sharq mintaqasida Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlashib borayotgan ziddiyatni yumshatishga qaratilgan diplomatik harakatlar ham yuz ko‘rsata boshladi. Jumladan, Eronga kamdan-kam boradigan Iordaniya tashqi ishlar vaziri 4-avgust kuni Tehronga rasmiy tashrif bilan bordi va tinchlikka chaqirdi.
Eron taranglikni kuchaytirmoqchi emasligini, balki Isroilga zarba berishga "qonuniy huquqi" borligini bildirdi.
"Hududiy yaxlitligimizning buzilishi borasida hech qanday murosaga bormaymiz", dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanoniy.
Mintaqadagi har qanday mojaro Isroilni himoya qilish uchun harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlar yuborgan Qo‘shma Shtatlarni ham ziddiyatga tortishi mumkin.
"Tehrondan kelgan signallar ular kattaroq javob zarbalarini berish niyatida ekanliklarini ko‘rsatadi, bu esa yanada keskin oqibatlarga olib keladi", deya ta’kidladi Xalqaro Inqiroz Guruhining Eron bo‘yicha direktori Ali Voiz.
Voiz ta’kidicha, agar Eronning Isroilga potensial hujumi katta zarar va ko‘plab qurbonlarga olib kelsa, eskalatsiya yanada kuchayib ketishi mumkin.
"Bu, shubhasiz, bizni Eron, Isroil hamda ularning ittifoqchilari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga yanada yaqinlashtiradi", deya xulosa qildi tahlilchi.