Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:24

Yelena Bondar chiqish vizasi olishiga ishonmaydi


Yelena Bondar xorijga chiqqach fohishalik qilmasligi haqida tilxat yozgachgina uning hujjatlarini qabul qilishdi
Yelena Bondar xorijga chiqqach fohishalik qilmasligi haqida tilxat yozgachgina uning hujjatlarini qabul qilishdi
Toshkentlik 22 yoshli talaba Yelena Bondar xorijda fohishalik bilan shug‘ullanmaslik haqida tilxat yozib bergachgina Toshkent viloyati Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi uning hujjatlarini qabul qildi.

Yaqindan beri O‘zbekistonda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar chiqish vizasi olishdan avval ana shunday tilxatga qo‘l qo‘yishi shart bo‘lib qolgan. Shuningdek, xorijga ketayotgan ayol uchun uning eri yoki ota-onasi kafolat xati yozib berishlari ham lozim.

Toshkent Milliy univyersiteti talabasi, mustaqil juranalist 22 yoshli Yelena Bondar o‘zi yashayotgan mahalla qo‘mitasidan uning ahloqi yaxshiligi va fohishalik bilan shug‘ullanmasligi haqidagi xarakteristika olib, o‘zi ham bu haqda tilxat bergachgina Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi uning hujjatlarini qabul qilganini aytadi.

- Mahalla qo‘mitasidan men ahloqim yaxshiligi va fohishalik bilan shug‘ullanmasligim haqida xarakteristika olishimga to‘g‘ri kelishdi. Mahalla qo‘mitasidagilar xarakteristikaga mana shu uyat so‘zni yozib, keyin muhr qo‘yib berishdi. Tashkent viloyat OVIRiga bu hujjatni olib bordim. Ular meni o‘zimdan ham tilxat yozib berishimni talab qilishdi. Tilxatda men xorijga chiqqach fohishalik qilish niyatida emasligimni yozdim. Shundan keyingina hujjatlarimni qabul qilishdi,- deydi Yelena Bondar.

Yelena 5 may kuni Toshkent viloyati Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga chiqish viza olish uchun borganida uning hujjatlarini qabul qilishdan bosh tortishgan edi.

- Hujjatlarni qabul qiluvchi inspektor oldiga borganimda menga ochiqchasiga “Siz nimaga keldingiz, O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar mamlakatdan chiqarilmaydi” deyishdi. Bu yangi qonun emish. Keyin bosh inspektor bilan uchrashdim. U ham menga yuqorining qandaydir buyrug‘ini ro‘kach qildi. Shu bilan hujjatlarimni qabul qilishdan bosh tortishdi,- deydi Yelena Bondar.

Shundan keyin Yelena O‘zbekiston qonunlariga zid bu holat yuzasidan shikoyat qilib, Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish Respublika boshqarmasiga murojaat qilgan.

- Respublika OVIRida shunday qaror bor, lekin bu norasmiy qaror deyishdi. Bu O‘zbekiston ichki ishlar vaziri buyrug‘i ekani va unga barcha bo‘ysunishi kerakligini aytishdi,- deydi Yelena Bondar.

Biroq Yelenaning aytishicha, bu muammoni matubotda oshkor qilgani unga yordam bergan va uning hujjatlarini qabul qilishga rozi bo‘lishgan.

Yelenaga ko‘ra, unga xorijga ketayotgan ayol uchun uning eri yoki ota-onasi kafolat xati yozib berishlari ham shartligini aytishgan. Biroq Yelenaning turmushga chiqmagani va ota-onasi yo‘qligi uchun undan bunday xatni talab qilishmagan.

- Men hozirda chiqish vizasi berishlariga ishonmayapman ham. Lekin xorijga chiqishga qonuniy haqqim bor. Men balog‘atga yetganman. Buni hech qanday qonun chegaralamaydi. Men O‘zbekiston qonunlariga qarshi hech qanday ish ham qilmaganman,- deydi Yelena Bondar.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish Respublika boshqarmasi xodimi Ozodlik bilan suhbatda chiqish vizasi uchun ayollarga nisbatan yangi ko‘rinishdagi tartib joriy qilingani haqida biror bir rasmiy hujjat yo‘qligini aytdi. Biroq u boshqarmaning joylardagi bo‘limlari biror bir rasmiy ko‘rsatmasiz ham bu kabi tartiblarni qo‘llashlari mumkinligini inkor qilmadi.
XS
SM
MD
LG