Линклар

Шошилинч хабар
28 июл 2021, Тошкент вақти: 02:06

Yevropa Komissiyasi Rossiya kabi feyk xabar tarqatuvchilarga qarshi sanksiya joriy qilishni rejalamoqda


Yevropa Komissiyasi Rossiya kabi feyk xabar tarqatuvchilarga qarshi sanksiya joriy qilishni rejalamoqda

Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Vera Yourovaning aytishicha, Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi qo‘mitasi soxta yangiliklarni tarqatayotganlarga, ayniqsa, Rossiya va Xitoy kabi «xorijiy kuchlarga» qarshi sanksiya joriy etishni taklif qiladi.

Yourova Ozodlikka 3 - dekabr kuni bergan intervyusida blok dezinformatsiya tarqatayotganlarga, ayniqsa, qayta-qayta bu ishga qo‘l urayotganlarga qarshi kurashishi kerakligini aytdi.

Yourovaning ta’kidlashicha, sanksiyalar YeIning kiber-sanksiya tuzumiga tayanishi kerak. Joriy yilda ushbu tizim ilk marta qo‘llanildi. Xususan, blokka hujum qilgan taraflar – birinchi navbatda Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya fuqarolari va shirkatlariga qarshi sanksiyalar joriy qilindi.

Rossiya dezinformatsiyasini kuzatuvchi East StratCom ishchi guruhi 2015 -yilda kuzatuvni boshlaganidan beri Kreml tarafdorlari dezinformatsiyasiga 10 mingta misol aniqlagan.

Yourova kelajakda Rossiyaning «Rossiya Segodnya» (Russia Today) va «Sputnik» kabi media-kompaniyalari nishonga olinishi mumkinmi, degan savolga hozircha aniqlik kiritishni istamasligini aytdi, ammo bunday choralar «yaxshi dalillar asosida muntazam ravishda dezinformatsiya yaratuvchisi va targ‘ibotchisi ekanligi aniqlangan hukumat yoki nodavlat tashkilotlarga» qarshi qo‘llanilishi mumkinligini bildirdi.

Ayrim YeI davlatlari, xususan, Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyaning «Rossiya Segodnya» media guruhiga tegishli bo‘lgan nashrlarni taqiqlab qo‘ygan.

Bu orada media guruh Dmitriy Kiselyovga aloqador ekanligi aniqlandi.

G‘arbga qarshi chiqishlari bilan tanilgan telesharhlovchi Kiselyov Rossiya 2014 - yilda Qrimni Ukrainadan anneksiya qilib olganini qo‘llab uyushtirilgan Kreml propagandasidagi roli uchun YeIning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Kiselyov asosan Rossiya yangiliklarini yorituvchi va chet elda olib boriladigan rasmiy targ‘ibot uchun mas’ul «Rossiya Segodnya» davlat media guruhiga rahbarlik qiladi.

Yourovaning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar ayni damda shiddatli yolg‘on ma’lumotlar oqimiga duch kelmoqda, ayniqsa, davom etayotgan koronavirus pandemiyasi manzarasida.

Keyingi hafta YeIda Facebook, Google va Twitter kabi onlayn platformalarni reklama siyosati va soxta akkauntlarga qarshi choralar shaffofligini oshirish uchun ko‘proq chora ko‘rishga chorlovchi yangi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi.

Yourovaning ta’kidlashicha, bu shirkatlar ijtimoiy media platformalarning «mas’uliyati va javobgarligini» oshiradigan qat’iy qoidalarga rioya qilishlari kerak bo‘ladi.

Siyosatchi bu shirkatlar ushbu mavzuda bugunga qadar Bryussel bilan faqat ixtiyoriy ravishda hamkorlik qilib kelayotganini aytdi.

3 - dekabr kuni e’lon qilingan Yevropa demokratiya ish rejasida 27 a’zodan iborat blok «chet el aralashuvi va ta’sir amaliyotlariga qarshi kurashish uchun barcha vositalarni muntazam ravishda ishlatishi va ularni yanada rivojlantirishi kerak», deyiladi.

Yevropa Komissiyasi dezinformatsiya tarqatganlarga qarshi sanksiya qo‘llashni birinchi marta rasman taklif qilmoqda.

Yevropa Komissiyasi ish rejasida ushbu qonun loyihasi «global miqyosda demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga bosim kuchayib borayotgan» bir paytda ishlab chiqilgani e’tirof etildi.

XS
SM
MD
LG