Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:37

YI mamlakatlari elchilari Rossiyaga qarshi 14-sanktsiya paketini muvofiqlashtirishdi


Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Moskvaga qarshi 14-sanksiya paketini muvofiqlashtirishgan. Bu haqda “Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi” mediakorporatsiyasining Bryusseldagi muxbiri Rikard Yozvyak xabar qildi. Cheklovlar Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazi va neft transportirovkasiga qarshi kiritilishi kutilmoqda.

Ayni paytda YIda raislik qiluvchi Belgiya vakolatxonasi xabarnomasida mazkur sanksiya paketida “maqsadli yangi choralar” ko‘zda tutilgan bo‘lib, u “mavjud tirqishlarni yopib, amaldagi sanksiyalar ta’sirini maksimal darajada kuchaytiradi”, deyilgan.

EUobserver nashrining hujjat loyihasiga tayangan holda yozishicha, sanksiyalarning yangi paketida Rossiya suyultirilgan gazni tushirib-ortish va geliy eksportiga taqiq, qo‘sh maqsadli texnologiyalardan foydalanishga hamda Ukrainada o‘g‘irlangan san’at asarlari savdosiga cheklov kiritish nazarda tutilgan.

Sanksiya paketining qabul qilinishi Germaniya pozitsiyasi tufayli kechikayotgan edi, biroq, Yozvyakning ma’lum qilishicha, 19-iyun kuni bu masalada murosaga erishilgan.

Sanksiya ro‘yxatiga “Russkaya mednaya kompaniya” asoschisi Igor Altushkin, “Lugansk xalq respublikasi elchisi” Rodion Miroshnik, qo‘shiqchi Polina Gagarina, prezident Putin ma’muriyatining sobiq xodimi, “Internetni rivojlantirish instituti” anonim notijorat tashkiloti bosh direktori Aleksey Goreslavskiy, “Baltika” shirkati sobiq prezidenti Taymuraz Bolloyev va boshqalar kiritilishi mumkin. Shuningdek, Rossiyadagi bir necha korxona yuridik shaxslar sanksiya ro‘yxatiga kiritilishi kutilyapti.

Sanksiyalarning yangi paketi, taxminlarga ko‘ra, 27-28-iyun kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YI sammiti chog‘ida yoki mazkur anjuman arafasida qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG