O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyi mobaynida shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga 9 million 958 ming 507 ta chaqiriq qayd etildi. Bu haqda Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, chaqiruvlarning 7 million 107 mingtasini shoshilinch betobliklar, 2 million 531 mingtasini surunkali kasalliklar va 64 ming 446 tasini tug‘uruqlar tashkil qilgan.
Eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona (1 million 40 ming 546 ta), Andijon (1 million 13 ming 131 ta) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (1 million 7 ming 327 ta) kuzatilgan.
Nufusi nisbatan oz Navoiy (296 ming 46 ta), Sirdaryo (335 ming 10 ta), Jizzax (399 ming 342 ta), Buxoro (482 ming 325 ta) kabi viloyatlarda kamroq chaqiriq qayd etilgan.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktoriga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 2 ming 853 ta tez yordam brigadasi faoliyat yuritmoqda.
Rasmiy statistika mamlakatda “tez yordam”ga murojaatlar yil sayin oshib borayotganidan dalolat beradi. “103” 2022-yilda xizmatiga 13 million, 2023-yilda esa 13 million 522 mingta qo‘ng‘iroq kelib tushgandi.