Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:43

Zaporojye AESida yirik yong‘in sodir bo‘ldi


Rossiya nazorati ostida bo‘lgan Zaporojye atom elektr stansiyasida yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Hodisa videosi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan. U yong‘inda Rossiya armiyasini ayblagan. O‘z navbatida, Moskva yong‘in uchun mas’uliyatni Ukraina tarafiga yuklagan. Har ikki tomon AES hududida radiatsiya foni me’yorda ekanini qayd etishgan.

Zaporojye viloyatining Rossiya tomonidan egallab olingan hududi mas’uli Yevgeniy Balitskiyga ko‘ra, elektr stansiyasi sovitish tizimi obyektiga o‘t ketgan. Mulozimning aytishicha, yong‘in chiqishiga AES joylashgan Energodar shahrining ukrainalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilgani sabab bo‘lgan.

“Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar faoliyat olib bormoqda, jiddiy falokat xavfi yo‘q”, degan Yevgeniy Balitskiy.

1981-yili qurilgan Zaporojye atom elektr stansiyasi Yevropadagi eng yirik AES bo‘lib hisoblanadi. Uning quvvati 6000 MVt'ni tashkil qiladi. Hozirda AES elektr energiyasi ishlab chiqarayotgani yo‘q, elektr stansiyasiga qilingan qator hujumlar ortidan uning reaktorlari o‘chirib qo‘yilgan.

Rossiya Tashqa ishlar vazirligi mas’uli Mariya Zaxarova Xalqaro atom energiyasi agentligidan vaziyatga munosabat bildirishni talab qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa o‘z telegram-kanali orqali: “Nikopoldan turib rossiyalik ishg‘olchilar Zaporojye atom elektr stansiyasi hududida yong‘in chiqarganini qayd etmoqdamiz… Dunyoning munosabatini, Xalqaro atom energiyasi agentligi munosabatini kutyapmiz. Rossiya buning uchun javob berishi kerak. Zaporojye stansiyasi ustidan Ukraina nazoratigina normallik va to‘liq xavfsizlik qaytishini kafolatlashi mumkin”, deb yozgan.

Yong‘in ortidan har ikki tomon bir-birlarini yadroviy shantajda ayblab chiqishgan.

XS
SM
MD
LG