Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 13-avgust kuni o‘z mamlakati Qurolli kuchlari ayni paytda Rossiyaning Kursk viloyatiga qarashli 74 ta aholi punktini nazorat qilayotganini bildirdi.
Zelenskiyga ko‘ra, “murakkab va shiddatli janglarga qaramay”, Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) mintaqada olg‘a siljishda davom etmoqda. Shuningdek, Ukraina prezidenti asoratdagi ukrainaliklarga almashtirish uchun rossiyaliklar asirga olinganini nazarda tutgan holda, harbiylar “ayirboshlash fondi”ni kengaytirganlarini qayd etgan. U asirga olingan rossiyalik askarlar soniga aniqlik kiritgan emas, biroq ular soni “yuzlab” ekanini aytgan.
Avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina prezidentiga ukrainaliklar tomonidan nazorat qilinayotgan Rossiya hududi ko‘lami ming kvadrat kilometrni tashkil etayotgani haqida hisobot bergan edi: bu Rossiya qo‘shinlarining bu yil Ukrainaning Donetsk va Xarkov viloyatlariga hujum chog‘ida egallab olgan hududidan sal kichikroq. Bu hisob-kitob mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan emas hamda ko‘plab harbiy ekspertlar va tahlilchilar tomonidan tanqid qilinmoqda.
Avvalroq Kursk viloyati gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aleksey Smirnov Rossiya prezidenti bilan kengash chog‘ida Ukraina Qurolli kuchlari mintaqadagi 28 ta aholi punktini egallab olganini e’tirof etgandi.
13-avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi va Chechenistonning Kursk viloyati hududidagi “Axmat” bo‘linmasi vakillari Ukraina qo‘shinlarining olg‘a siljishi to‘xtatilgani va endilikda ularni mintaqadan surib chiqarish bo‘yicha ish olib borilayotganini bildirishgan edi. Vladimir Putin iddaosicha, “UQKning sara bo‘linmalari” tomonidan “o‘ta og‘ir” talafotlar berilmoqda.
Shu kunning o‘zida Ukrainaning urush hodisalarini yoritib borayotgan telegram-kanallarida qo‘shinlarning Rossiya hududi ichkarisi tomon siljiyotganiga oid bir necha video yoyinlangan.
Shuningdek, Ukraina nashrlarida Rossiya muntazam armiyasining asirga tushayotgan o‘nlab askari aks etgan roliklar tez-tez paydo bo‘lib turibdi. Bu askarlarning ko‘pchiligi kameraga qarab o‘z ismlari va xizmat qilgan harbiy qismlari raqamlarini aytishib, o‘zlarini Rossiyada asirlikda tutib turilgan Ukrainaning “Azov” polki harbiylariga almashtirishni so‘rashmoqda.
Avvalroq Ukraina tomonidan Kursk viloyatidagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan jangchilar asirga olingan rossiyaliklar aynan “azovchilar”ga almashtirilishi, chunki ular, ukrainaliklar iddaosicha, Rossiyada shafqatsiz ravishda qiynoqqa tutilayotganini aytishgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi asirlar aks etgan roliklar yuzasidan hech qanday izoh berayotgani yo‘q. “Axmat” bo‘linmasi komandiri Apti Alaudinov UQK Chechenistondan bo‘lgan bir necha rossiyalik harbiy asirga tushganini tan olgan.