Andijon sud 20-noyabr kuni bloger Otabek Hamidovni tovlamachilik va haqoratda aybdor deb topib, 3 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Hamidovning yaqinlari avvalroq jinoyat ishi holatlari shubhali ekanini aytib, uning ayblovda körsatilgan qilmishga aloqasi borligini rad etgan edi.
Hukm haqida "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov xabar berdi. Uning aytishicha, Hamidov Özbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) va 140-moddasi (haqorat qilish) böyicha aybdor deb topilgan. U jazoni manzil-koloniyada ötashi kerak.
Sudning bildirishicha, blogerning hibsda ötgan vaqti jazo muddatiga qöshib hisoblanadi.
Hamidov 7-may kuni Andijon viloyatida qölga olingan. Keyinchalik jinoyat ishi qariyb ikki yil avvalgi voqealar bilan boğliq ekani ma’lum bölgan.
Hamidovning yaqinlari uning tovlamachilik qilmaganini aytmoqda. Ularning aytishicha, Hamidov otasi vafot etganidan keyin Asaka tumaniga kelgan, söng oilasi bilan Toshkentga qaytgan. U jönab ketgan kuni uyga notanish ayol kelib, blogerning qarindoshiga 500 dollar qoldirgan. Oradan köp ötmay, huquq-tartibot organlari xodimlari kelib, pulni olib qöygan.
Yaqinlarining aytishicha, Hamidov pul berilganidan bexabar bölgan va bu pulga aloqasi bölmagan. E’lon qilingan ma’lumotlardan sud ayblov hukmini aynan qaysi dalillarga asoslagani va himoya tomonining vajlariga qanday baho bergani anglashilmaydi.
Bloger qölga olinganidan söng Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi uning hibsda ekanini tasdiqladi. Boshqarma tergov sirini vaj qilib, ish tafsilotlarini oshkor qilmadi.