So‘nggi o‘n kun ichida AQSH universitetlarida G‘azodagi urushga qarshi namoyishlarda ishtirok etgan kamida 900 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida “Yashillar partiyasi”dan prezidentlikka nomzod Jilli Stayn ham bor.
Talabalar isyoni to‘lqini 18-aprel kuni shahar politsiyasi Kolumbiya universiteti kampusida 100 dan ziyod norozini tutib ketganidan keyin boshlangan. Oradan to‘rt kun o‘tgach, universitet kampus hududidagi lagerni tarqatib yuborish uchun yana politsiya chaqirgan. Bu yerda norozilik aksiyasi ishtirokchilar bilan to‘qnashuv bo‘lib o‘tgan: ular politsiyaga ichiga suv to‘ldirilgan shishalar otishgan. The Washington Post xabariga ko‘ra, u yerda 120 kishi hibsga olingan.
Bostondagi Emerson kollejida ham politsiya bilan to‘qnashuv ro‘y bergan – to‘qnashuvda to‘rt nafar politsiyachi jarohatlangan, 108 kishi hibsga olingan. Jordjiya shtatida politsiya mahalliy universitet hududidagi lagerni tarqatib yuborishda elektroshokerlar va “kimyoviy moddalar”dan foydalanganini bildirgan.
Sent-Luisdagi Vashington universitetida politsiya falastinliklar tarafini olib o‘tkazilgan aksiyaning 100 dan ziyod ishtirokchisini qo‘lga olgan. Ushlanganlar orasida “Yashillar partiyasi”dan prezidentlikka nomzod Jill Stayn ham bo‘lgan. Staynning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bunga oid bir necha foto yoyinlangan bo‘lib, u yerda Stayn G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarni “genotsid” deb atagan.
Janubiy Kaliforniya universitetida o‘nlab odam ushlangan. Shundan so‘ng OTMda xavfsizlik nuqtayi nazaridan may oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan diplom topshirish marosimi bekor qilingan. Mazkur marosimda 65 ming kishi ishtirok etishi kutilayotgan edi.
Ayni paytda shahar politsiyasi hamma joyda ham universitetlar chaqiruvi bilan kelishga rozi bo‘lmayapti. Deylik, Kolumbiya okrugi politsiyasi “oz sonli tinch namoyishchilarga qarshi chora ko‘rish departament manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi”, deb hisoblab, Jorj Vashington universitetiga borgan emas, deb yozgan WP.
Los-Anjeles politsiyasi ham Kaliforniya universiteti kampusidagi tartibsizliklarni bostirishda ishtirok etmagan. U yerda, Reuters xabariga ko‘ra. 28-aprel kuni falastinparast va isroilparast namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
OTM rahbariyati aksiya ishtirokchilari norozilarning ikki guruhini ajratish uchun o‘rnatilgan to‘siqni buzib o‘tganini ma’lum qilgan. Ikki guruh vakillari bir-birlari turtib-surtib, turli shiorlarni qichqirib aytishib, bir-birlarini haqorat qilishgan – pirovardida janjalga to‘qmoqlar bilan qurollangan kampus politsiyasi aralashgan. Bu yerda namoyishlar ushlangani yoki hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.
Falastin tarafini olayotgan aksiya ishtirokchilari G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilishi, Isroil bilan biznes yurituvchi mudofaa shirkatlariga investitsiya yotqizmaslik hamda AQSH tomonidan Isroilga harbiy yordamning to‘xtatilishini talab qilishmoqda. Yahudiy millatiga mansub talabalar Isroilni tanqid qilish ko‘pincha antisemitizmga aylanib ketayotgani va o‘zlarini xatarda his qilishlariga sabab bo‘layotganini aytmoqdalar. Ular HAMAS Isroilda o‘tgan yil kuzida garovga olingan kishilarni haligacha ushlab o‘tirganini ham eslatganlar.
Universitetlar rahbariyatlari ruxsat etilmagan norozilik aksiyalari tartib-intizomni buzayotgani, o‘qishga xalaqit berayotgani hamda yahudiylarni kamsitish va antisemitizmga yo‘l ochayotganini bildirmoqdalar. Talabalar tashkilotlari liderlari antisemitizm va kamsitish ko‘rinishlari onda-sonda uchrab turganini tan olishmoqda, biroq ular bunda “talabalik harakatini qo‘lga olishga urinayotgan begona shaxslar”ni ayblashmoqda.
AQSH prezidenti Jo Bayden universitetlar kampuslarida sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor. Oq uyning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili Jon Kirbi norozilarda o‘z fikrlarini ochiq aytish huquqi bo‘lishi kerakligi, biroq bu ish tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi lozimligini aytmoqda. Ayni paytda mulozim Oq uy antisemitizm va nafrat ifodalarini qoralashini qo‘shimcha qilgan.