AQSH Ukraina mudofaasiga 8 milliard dollar ajratadi

Vladimir Zelenskiy va Jo Bayden

AQSH Ukrainaning mudofaa ehtiyoji uchun qo‘shimcha ravishda qariyb 8 milliard dollar ajratadi. Bu haqda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan Vashingtonda o‘tadigan uchrashuv arafasida prezident Jo Bayden ma’lum qildi.

Oq uyning bildirishicha, Bayden mudofaa vazirligiga Kongress tomonidan ma’qullangan barcha vositalarni Ukrainaga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergan.

Yangi ko‘mak paketiga ko‘ra, Ukrainaga Pentagon ixtiyoridagi harbiy texnikalarni berish va zaxirani yangi texnika bilan to‘ldirish uchun 5,5 milliard dollar yo‘naltiriladi.

Yana 2,4 milliard dollar esa Ukrainaga xavfsizlik sohasida ko‘mak tashabbusi doirasida sarflanadi. Bu o‘rinda gap Kiyevni yangi havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan, yana bir “Patriot” majmuasi, dronlar hamda “havo – yer” tipidagi raketalar bilan ta’minlash haqida ketmoqda.

Oq uy Ukrainaga 110 km radiusdagi nishonlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan JSOW qanotli aviabombalarini ham yetkazishga qaror qilgan. Vashington bayonotida Kiyevga JSOW bombalarini Rossiya hududiga yo‘llash uchun ruxsat berilgani yoki berilmagani ochiqlanmagan.

Bayden ma’muriyati, shuningdek, Ukraina harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlash, F-16 qiruvchilarini boshqarish uchun ukrain uchuvchilarini tayyorlash dasturini kengaytirish bo‘yicha ham ko‘mak va’da qilgan.

“Qo‘shma Shtatlar (Rossiya bilan) urushda g‘alaba qozonishi uchun Ukrainaga kerakli ko‘makni ko‘rsatadi”, deyiladi bayonotda.

Qariyb 8 milliard dollar Kiyevga qo‘shimcha ko‘mak sifatida ajratilishi Kongress tomonidan ma’qullangandi. Ammo ushbu mablag‘ aynan qaysi yo‘nalishda sarflanishi prezidentning ruxsatini talab etadi.

Yordam mablag‘i joriy yil yakunigacha yoki Baydenning prezidentlik muddati tugagunga qadar, ya’ni 2025-yil 20-yanvargacha ajratiladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlar orqali AQSH prezidentiga, Kongressdagi demokratlar va respublikachilarga hamda Qo‘shma Shtatlar xalqiga ko‘mak uchun minnatdorlik bildirgan.

Ukrainaga ko‘mak borasida demokratlar va respublikachilar farqli yondashuvda. So‘nggi kunlarda prezidentlik saylovida respublikachilar nomzodi bo‘lmish Donald Tramp Zelenskiyni keskin tanqid qilib, uni AQSHni Rossiya bilan urushga tortishga urinishda aybladi.