Joriy yilning birinchi yarmida Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan migratsion qonunchilik buzilishini aniqlashga qaratilgan 176 mingta reyd o‘tkazilgan, ular asosida 92 ming nafar xorijlikni mamlakatdan badarg‘a qilish haqida qaror chiqarilgan. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Irina Volk Telegram tarmog‘idagi o‘z kanali orqali ma’lumot tarqatdi.
IIV mulozimasiga ko‘ra, birinchi yarim yillikda xorijliklarni Rossiya hududiga kiritmaslik bo‘yicha 143 mingta qaror chiqarilgan.
Shuningdek, hisobot davrida 5,5 mingdan ziyod migrant xorijliklarni vaqtincha saqlash markazlariga joylashtirilgan.
Irina Volk Rossiyada migratsiya jarayoni ustidan nazorat kuchaytirilgani ortidan ish beruvchilar migrantlar bilan mehnat shartnomalari tuzilayotgani haqida rasmiylarni ko‘proq xabardor qila boshlaganini qayd etgan.
Shu yil bahorida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markazida sodir bo‘lgan teraktdan keyin mahalliy rasmiylar terrorchilikni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar vaji bilan va ko‘pincha arzirli sababsiz minglab migrantni Rossiya Federatsiyasi hududiga kiritgan emas. Rossiyalik rasmiylar mazkur terakt Tojikiston fuqarolari tomonidan sodir etilganini iddao qilmoqda.
Ozodlik o‘tgan oy Davlat dumasi Rossiyada migratsiya nazoratini kuchaytiruvchi qonun loyihalari paketini qabul qilgani, yangi tartibga ko‘ra, xususan, politsiyachilarga xorijliklarni mamlakatdan badarg‘a qilish haqida qaror chiqarishga ruxsat berilgani haqida xabar qilgan edi.