DHL shirkatiga qarashli yuk uchog‘i Vilnyus aeroporti yaqinidagi ikki qavatli turarjoy ustiga qulagan, natijada kuchli yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda Reuters va Delfi agentliklari aeroport va Litva politsiyasi vakillaridan olingan ma’lumotga tayanib xabar qilishdi.
Uchoqda to‘rt kishi – ikki uchuvchi va shirkatning ikki xodimi bo‘lgan. Delfi uchuvchilardan biri qutqarilgani, uning hushi joyida ekani haqida yozgan.
Xabarlarga ko‘ra, jabrlanganlardan ikki nafari kasalxonaga yetkazilgan, bir kishi vafot etgan.
Qutqaruvchilar Delfi'ga uchoq qulagan uy turg‘unlari orasida jabrlanganlarga oid ma’lumot hozircha yo‘qligini bildirishgan. Voqea joyida aeroport o‘t o‘chiruvchilari ishlamoqda.
Flightradar24 xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda gap Leypsigdan Vilnyusga uchgan Boeing 737 yuk uchog‘i haqida bormoqda.
Noyabr boshida The Wall Street Journal nashri g‘arb razvedkalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda iyul oyida DHL yuk yetkazib berish xizmatining Leypsig va Birmingemdagi markazlarida ikkita posilka portlagani haqida xabar qilgan edi. Tergov bombalar elektromassajyor shaklida bo‘lgani, ularning ichida elektron platalar o‘rnida tez yonuvchi modda bo‘lganini aniqlagan.
Yevropa Ittifoqidagi bir necha mamlakat xavfsizlik xizmatlari xodimlari logistika omborlaridagi posilkalar portlashi AQSHdagi yuk reyslarida Rossiya razvedkasi tomonidan portlash uyushtirish metodi ishlovi bo‘lganini iddao qilishgan.
O‘tgan oyda Polsha rasmiylari posilkadan yong‘in chiqishi sabablarini o‘rganish natijasida to‘rt kishi qo‘lga olinganini bildirishgan. Hodisa AQSH va Kanadaga ketishi kerak bo‘lgan posilkaning Yevropaga yetkazilishi chog‘ida sodir bo‘lgan. Polsha prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, posilka ichidagi ashyo quruqlik va havo transportirovkasi chog‘ida yonib yoki portlab ketgan.
G‘arb hukumatlari va Yevropadagi razvedka xizmatlari avvalroq Moskvani Yevropadagi Ukraina ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarda beqarorlik keltirib chiqarishga qaratilgan qator yong‘in va sabotaj hodisalari manbasi o‘laroq ko‘rsatishgan.
Moskva bu bayonotlar yuzasidan izoh bergan emas.