Huquq himoyachilari Özbekiston ipakchiligida majburiy mehnat davom etayotganini aytmoqda
Germaniyada joylashgan "Inson huquqlari böyicha Özbek forumi" (Uzbek Forum for Human Rights) 19-noyabr kuni "Rad etib bölmaydi: Özbekiston ipak sanoatida majburiy mehnat va ekspluatatsiya" nomli yangi hisobotini e’lon qildi.
Huquq himoyachilari ma’lumotiga köra, ipakchilikda majburiy mehnatdan foydalanilmoqda. Bu jarayonda kuch tuzilmalari va mahalliy hokimiyat organlari ishtirok etmoqda. Hisobot mualliflarining aytishicha, mansabdorlar fermerlarni deyarli haq tölashsiz ipak qurti boqishga majburlaydi, bosh tortganlarni esa jazo bilan qörqitadi.
Hisobot Özbekistonning besh hududi hamda mamlakat tarkibidagi suveren respublika — Qoraqalpoğistonning 21 tumanida uch yil davomida ötkazilgan monitoring natijalariga asoslangan. Forum ipak qurti boqadigan fermerlar, uy sharoitida pilla yetishtiruvchilar va ipak sanoati korxonalari vakillari bilan 85 ta suhbat ötkazgan. Tashkilot, shuningdek, sohani tartibga soluvchi rasmiy hujjatlar hamda özbekistonlik pillakorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi yuzlab postlarini örganib chiqqan.
"Paxta va ğalla yetishtiruvchi fermerlarning aytishicha, mahalliy hokimiyat vakillari ularni ipakni qayta ishlovchi korxonalar hisoblangan klasterlar bilan shartnoma tuzishga majburlagan. Ipak qurti boqishdan bosh tortgan yoki davlat belgilagan rejani bajarmagan fermerlarga bosim ötkazilgan, yer ijara shartnomasini bekor qilish bilan tahdid qilingan. Ayrim hollarda hatto kuch ishlatilgan. Belgilangan miqdorda pilla topshirgan fermerlar forumga mehnati uchun umuman haq olmaganini yoki haq shu qadar kam bölganki, pilla yetishtirish xarajatini ham qoplamaganini aytgan", deyiladi hisobotda.
Uyda ipak qurti boqish katta mehnat va doimiy e’tibor talab qiladi. Qurtlarni kecha-yu kunduz parvarishlash va zarur sharoitni saqlash kerak. Bitta xato butun qurt partiyasining nobud bölishiga olib kelishi mumkin. Hisobot mualliflariga köra, uy sharoitida pilla yetishtiruvchilar boshqa muammolarga ham duch kelmoqda.
Hisobotda aytilishicha, pilladan ipak yigiruvchi korxonalar uyda pilla yetishtiruvchilarga ekin ekish yoki chorva boqish uchun yerdan foydalanishga ruxsat beradi. "Buning sharti — tut daraxti ekish va muayyan miqdorda pilla yetishtirish. Shartlar bajarilmasa, yer ijara shartnomasi bekor qilinishi mumkin. Pillakorlarning aksari xarajatlar va sarflanadigan mehnat tufayli bu ish foyda keltirmasligini, tanlash imkoni bölsa, undan voz kechishini aytgan", deydi mualliflar.
Fermerlar ham, uy sharoitida pilla yetishtiruvchilar ham forumga köpincha mahsulot narxi körsatilmagan bösh shartnoma blankalarini imzolashga majbur qilinganini aytgan. "Mansabdorlar, odatda, shartnoma nusxalarini Qishloq xöjaligi vazirligida ‘röyxatdan ötkazish’ bahonasida özlarida olib qolgan", deb yozadi mualliflar.
Özbekistonda ipakchilik sohasi 2017-yilda qayta tashkil etilib, klaster tizimiga ötkazildi. Davlat sohani boshqarishda hamon katta rol öynaydi.
"Hukumat ipakchilik klasterlarini xomashyo bilan ta’minlash uchun mamlakat böyicha qancha pilla yetishtirilishi kerakligini belgilaydi. Shuningdek, u ‘Özbekipaksanoat’ uyushmasi belgilagan pilla xarid narxlarini tasdiqlaydi. Mahalliy mansabdorlar markaziy hokimiyat belgilagan rejani bajarishi shart. Bu talab ularni rejani bajarish uchun odamlarni majburiy mehnatga jalb etishga undaydi", deyiladi hisobotda.
Ipakchilik Özbekiston iqtisodiyotining eng qadimiy an’anaviy tarmoqlaridan biri, qishloq xöjaligining strategik sohasi va eksportning ustuvor yönalishlaridan hisoblanadi. Özbekiston tut ipak qurti pillasini yetishtirish hajmi böyicha dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi örinda turadi. Mamlakat 2025-yilda asosan Vyetnam, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya va Hindistonga 87 million dollarlik ipakchilik mahsulotlarini eksport qilgan.
AQSh va Yevropa Ittifoqi qatorida tobora köproq mamlakat majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar importini taqiqlovchi qonunlar joriy etmoqda. Hisobot mualliflari fikricha, Özbekistonda majburiy mehnatning davom etishi mamlakatning eksport salohiyatiga jiddiy putur yetkazadi.
"2021-yilda Özbekiston hukumati paxta terimida davlat tomonidan majburlab ishlatishga barham berish majburiyatini bajardi. Endi bu islohotlarni ipakchilikka ham tatbiq etish kerak. Buning uchun majburiy reja va ma’muriy nazoratni bekor qilish lozim. Bu mexanizmlar odamlarni majburlash tizimini saqlab turibdi va pilladan ipak yigiruvchi xususiy fabrikalarni muntazam ravishda arzon pilla bilan ta’minlayapti", dedi forum rahbari Umida Niyozova.
Hisobot mualliflariga köra, Özbekistonda pilla yetishtirish tizimi fermerlarga davlatning majburiy rejalarini yuklash va uyda pilla yetishtiruvchilarning oğir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan foydalanishga asoslangan.
Forum rasmiy Toshkentni majburiy mehnatga barham berish, fermerlarga pilla yetishtirish rejasini majburan yuklash amaliyotini bekor qilish hamda fermerlar va pillakorlarning yerdan foydalanish huquqini kafolatlashga chaqirdi. Tashkilot, shuningdek, ipakchilik korxonalari pillakorlarga munosib mehnat sharoiti yaratishi va bajargan ishiga yarasha haq tölashi shart qilib qöyilishini söradi.