Guterrish BMT Xavfsizlik kengashida Eronning Isroilga hujumini qoraladi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT Xavfsizlik kengashining Yaqin Sharqdagi vaziyatga bag‘ishlanib 2-oktyabr kuni o‘tkazilgan majlisida Eronning Isroilga qarshi raketa hujumini keskin qoralashini bildirdi.

Eron 1-oktyabr kuni Isroilga raketa yog‘dirgan — mamlakat hududiga 180 dan ziyod ballistik raketa otilgan edi.

O‘sha kunning o‘zida Isroil armiyasi Livan chegarasidan o‘tib, u yerda “Hizbulloh” radikal guruhi tuzilmalarini yo‘q qilish maqsadida amaliyot boshlagan. Mazkur guruh AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan. Yevropa Ittifoqi esa “Hizbulloh”ning faqat qurolli qanotini terror tashkiloti deb biladi, deputatlari Livan parlamentida o‘tirgan “Hizbulloh” partiyasi esa, YI fikricha, terror tashkiloti emas.

Avvalroq Isroil BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni “istalmagan shaxs” (persona non grata) deb e’lon qilib, uning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygandi.

“Eronning Isroilga qabihona hujumini dunyodagi qariyb barcha mamlakatlar kabi so‘zsiz qoralay olmagan shaxs Isroil yeriga qadam bosishga loyiq emas”, degandi Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kas bu qarorni izohlar ekan.

Guterrish chorshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashida qilgan chiqishida Isroilning Livandagi amaliyoti haqida so‘zlar ekan, bu borada BMT o‘zining 2006-yildagi rezolyutsiyasiga rioya qilishga chaqirishi bildirgan. Mazkur hujjatda BMT Isroilni Livandan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga, Livandagi “Hizbulloh” doxil qurolli guruhlarni esa qurolsizlanishga chaqirgan hamda o‘z tinchlikparvar kuchlari yordamida mintaqada osoyishtalikni saqlashni va’da qilgan.

Yaqin Sharqdagi mojaro eskalatsiyasini muhokama qilishga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik kengashining 2-oktyabrdagi majlisi Fransiya talabi bilan o‘tkazilgan.